Samarqand farmsanoati: dori vositalari va tibbiy buyumlar eksportga ham chiqarilyapti

2018 yil viloyatda umumiy qiymati 287 milliard 596 million so‘mlik 10 ta investitsiya loyihasini rejalashtirilgan, biroq ularning birortasi amalga oshirilmagan. 2019 yil bitta loyiha - “Perfekt farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “in bulc” asosida dori vositalari ishlab chiqarish foydalanishga topshirilgan.

2020 yilda esa 122,95 milliard so‘m o‘zlashtirilib, 3 ta loyiha ishga tushirildi. Xususan, “Optima sobirjon” MChJda sterillanmagan tibbiy qo‘lqop, “Eco pharm med invest” MChJda 70 foiz tibbiy etil spirti va spirtli antiseptiklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. “Samarkand herbal medicine” MChJ esa dorivor o‘simlik xom ashyosini qadoqlash va ulgurji realizatsiya qilish loyihasini amalga oshirdi.

Ushbu loyihalar natijasida 17,16 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 115 ta yangi ish o‘rini yaratilgan.

Ko‘rsatkich qanaqa, yangilik bo‘ladimi?

2020 yilning yakunlari bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalari hajmi 96 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu 2019 yil bilan solishtirganda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar (2019 yilda 46 mlrd. so‘mlik) oshganini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan 5 ta xorijiy mamlakatga farmatsevtika mahsulotlari eksport qilinmoqda. Birgina 2020 yilda eksport prognozi - 250 ming dollar bo‘lgani holda amalda 925,3 ming dollarlik dori vositalari va 722 ming dollarlik tibbiy buyumlar xorijiy davlatlarga sotilgan.

Ayni paytda viloyatda 7 ta dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxona, yana shuncha profilaktika muassasalari qoshidagi dori vositalari tayyorlashni tashkil etuvchi dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 71 ta dori vositalarini ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilot, 1554 ta (shu jumladan, 208 ta ijtimoiy dorixona) chakana realizatsiya qiluvchi dorixona va filiallar ro‘yxatga olingan.

Farmatsevtika sohasini yanada rivojlantirish maqsadida viloyatda 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 417,7 milliard so‘m (38,4 mln. AQSh dollari) bo‘lgan 7 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada 295 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Kim, nima chiqarmoqchi?

Joriy yilda farmatsevtika yo‘nalishida 5 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Jumladan, "Fortuna Urgut medikal" MChJ tomonidan tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. "Samarqand England Eco-Medical" MChJda esa 300 million dona tabletka va kapsula shaklidagi tayyor dori vositalarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, “Polidar Farm” MChJda shamchalar (suppozitoriy) ishlab chiqarish tashkil etiladi. Qiymati 590 ming dollarlik loyiha doirasida ishlab chiqarish hajmi 2 million dona bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

"Sifat elegant servis" MChJda tibbiy qo‘lqoplar, bolalar tagliklari tayyorlash choralari ko‘rilyapti. "Pharm partners group" MChJ 1 million 390 ming dollarlik tibbiyot PET taralari va buyumlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapti.

Shuningdek, kelgusi yilda "Samarqand England Eco-Medical" MChJ 20 million dona infuzion eritmalar va antibiotiklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. "Multi Fruite Korea" MChJ shaklidagi xorijiy korxonasi 20 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirib, 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirmoqda.

Dorivor o‘simliklar bormi?

“Samarkand herbal medicine” MChJ esa dorivor o‘simlik xom ashyosini qadoqlash va ulgurji realizatsiya qilish loyihasini amalga oshirilganini o‘qigan mushtariyda shunday savol tug‘ilish tabiiy.

Albatta, viloyatimizda dorivor o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Qo‘shrabot tumanida klaster shaklidagi “Alixan organik agro” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘pchilikning og‘ziga tushgan. Negaki, korxona 2500 gektar yer maydonida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini nafaqat yetishtirish, balki kelgusida shu yerning o‘zida chuqur qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Ular Turkiya davlati bilan hamkorlikda ayni paytda 1 million tup lavanda o‘simligini parvarishlayapti, o‘simlik tup sonini 3-4 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 40 ming tup na’matak ekiladi.

“FARANGIZ” xususiy korxonasi esa tog‘li tumandagi 1,5 gektar yer maydoniga ekilgan 1800 tup na’matakdan o‘tgan yili dastlabki hosilni oldi. Ular na’mataklar sonini 10 ming tupga yetkazish choralarini ko‘rmoqda. Shuningdek, 30 gektar yer maydonida pol-pola, romashka, isiriq dorivor o‘simliklarini yetishtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Urgut tumanida “Quyoshli uzumzor” MChJ 40 gektar joyda kovrak o‘simligini parvarishlayapti. “Bog‘i Nurafshon” MChJ bodom yog‘i ishlab chiqarish uchun dorivor giyohlar yetishtiryapti.

Nurobod tumanida “Samarkand Herbal medcine” MChJ 8 turdagi, “Bahrom bobo” fermer xo‘jaligi 6 turdagi dorivor o‘simliklar yetishtiriladi.

Oydin Qayumova,

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi boshlig‘i.