Samarqand hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan tovarlar yo‘q qilindi

Bu haqda MIBning Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi Elmurod Karimov Zarnews.uz’ ga ma’lum qildi.

- Ayrim tadbirkor va fuqarolar tomonidan respublikamiz hududiga noqonuniy olib kirilayotgan va tegishli hujjat hamda ruxsati mavjud bo‘lmagan mahsulotlarning tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilangan, - deydi E.Karimov. - Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro hujjatlari asosida ko‘p miqdoridagi tovar-moddiy boyliklar yo‘q qilindi.
Jumladan, maxsus poligonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida MIB viloyat boshqarmasi hamda Samarqand shahar bo‘limi tomonidan hamkor tashkilotlar va xolislar ishtirokida 102 mln. 430 ming so‘mlik 7415 dona tibbiyot buyumlari, aksiz markalanmagan umumiy qiymati 544 ming co‘mlik 34 quti tamaki mahsulotlari, tergov organlari tomonidan xatlangan 4 dona 3 mln. 931 ming so‘mlik telefon apparatlari tegishli tartibda yo‘q qilindi.