Samarqand jurnalistikasi uchun og‘ir judolik

“Zarafshon” gazetasi zahmatkash murabbiy muxbiri, ko‘plab yoshlarning ustozi Adham Iskandarovich Hayitov 69 yoshida vafot etdi.
Adham Hayitov 1951 yil 20 yanvarda Urgut tumanida tug‘ilgan edi. 1972 yilda Samarqand davlat pedagogika institutini bitirib, “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida musahhih sifatida faoliyat boshlagan. A.Hayitovning mehnat daftarchasida ana shu birgina yozuv bor. U butun umr shu dargohda mehnat qildi. Muxbir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, mas’ul kotib bo‘lib ishladi.
Adham aka bir qator kitoblar muallifi edi. “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovlarida g‘olib bo‘lgandi. “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Aziz hamkasbimizning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz.
Qadrli ustozimiz, mahoratli jurnalist Adham Hayitovning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.