“Samarqand kelajak javohirlari”dan umid katta

Samarqand shahridagi yoshlar markazida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan saralanib, viloyat hokimligi zaxirasiga olingan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

– O‘tgan yil sizlar bilan ilk bor uchrashib, “Samarqand kelajak javohirlari” bo‘lgan kadrlar zaxirasini yaratgan va dastlabki harakatlarni boshlagan edik, – dedi viloyat hokimligi tashkiliy nazorat guruhi rahbari B.Rahmatullayev. – Shu paytgacha o‘ndan ortiq yoshlar davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ishga qabul qilindi. Ko‘plab yigit-qizlar o‘z mutaxassisligi va intilishlaridan kelib chiqib, loyiha va takliflarini tayyorladi. Hozir bu loyihalarni amalga oshirish ustida ham ishlayapmiz. Bugun sizlar bilan uchrashuvimizdan maqsad davlat rahbarining Parlamentga Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida oldimizda turgan vazifalar haqida fikrlashib olishdan iborat.

Uchrashuvda B.Rahmatullayev Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va ularni amalga oshirishda yoshlarning ishtiroki haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayev davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlar forumidagi ma’ruzasi va unda belgilangan vazifalarga to‘xtaldi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali boshlig‘i R.Qobilov yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish, kadrlarni tanlashda ochiq tanlov tamoyillaridan foydalanish bo‘yicha ma’lumot berdi. Yoshlarni mazkur tanlovlarda faol qatnashishga da’vat etdi.

Uchrashuvda viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va bu lavozimlarga nomzodlarni tanlov asosida qabul qilinishini ta’kidladi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan tadbirda “Samarqand kelajak javohirlari” ham o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.