Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand madaniy muhiti og‘ir judolikka uchradi

Samarqand davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti dekani, dotsent, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi a’zosi Kozimov Javodbek Jurabekovich 60 yoshida yurak xurujidan vafot etdi.

Javodbek Kozimov Samarqand shahrida 1960 yilda tug‘ilgan.

Javodbek Kozimov Samarqand viloyatida musiqa san’atini rivojlantirish va targ‘ib etishda, yosh avlodga musiqa sirlarini o‘rgatishda jonbozlik ko‘rsatib kelgan iste’dodli bastakor, xonanda va mohir xor dirijyor edi.

U bastalagan sara qo‘shiqlar viloyat miqyosida o‘tkazilgan Mustaqillik, Navro‘z, Konstitutsiya kuni va boshqa davlat tadbirlarida muntazam yangrab kelgan. Bir qator qo‘shiqlari bilan «O‘zbekiston Vatanim manim», «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovlarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallagan. Shuning qatorida ijodkor asarlari oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, musiqa va san’at maktablari konsert va o‘quv pedagogik repertuarlaridan o‘rin olgan. Bastakorning 20 ga yaqin qo‘shiqlari O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi oltin fondidan o‘rin olgan.

Shuningdek, 1995-2018 yillar mobaynida xor uchun 15 ga yaqin asarlar yaratdi va qayta ishladi.

1996-2017 yillar mobaynida «O‘zbekiston Vatanim manim», «Nihol» teatr ko‘rik-tanlovida, «Barhayot an’analar» folklor festivalida universitet «Guldasta»  jamoasiga rahbarlik qilib, faxrli o‘rinlarni egalladi.

Javodbek Kozimov san’at sohasida izlanishlarini to‘xtatmagan holda yosh avlodga o‘z sohasini o‘rgatishda ham barchaga o‘rnak edi. Uzoq yillar davomida Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti dekan o‘rinbosari, musiqa ta’lim fakulteti dekani, maktabgacha ta’lim fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari, san’atshunoslik fakulteti dekani vazifalarida samarali mehnat qildi.

Ustozning  yodi mudom qalbimizda qoladi, uning ezgu ishlari xalqimiz xotirasida saqlanajak.

Samarqand davlat universiteti

san’atshunoslik fakulteti jamoasi.