Samarqand qachon chiqindilardan xoli shaharga aylanadi?

Samarqandda chiqindilarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda jurnalist va blogerlar Samarqand shahrida respublikamizda ilk bor tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan chiqindi tashuvchi zamonaviy elektromotorollerlar tizimi, “Maroqand obod” davlat muassasasi sanitar tozalash korxonasida “GPS” on-line kuzatuv va raqamlashtirish tizimi hamda Samarqand chiqindi yoqish zavodi qurilishi bilan yaqindan tanishishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Samarqand shahrining Registon maydoni atrofida Qo‘shhovuz mahallasida bo‘lib «Maroqand obod» tomonidan eksperiment tariqasida chiqindi tashuvchi elektromotorollerlar yordamida tor va boshi berk ko‘chalarda joylashgan aholi xonadonlarida to‘planib qolgan chiqindilarni tashib chiqarishdek muammolarni bartaraf etilishini kuzatdi.
- Ko‘p yillardan buyon shahrimizdagi tarixiy obidalar joylashgan hududlarda yashovchi aholi xonadonlari tor va boshi berk ko‘chalarda joylashganligi sababli ulardan maishiy chiqindilarni tashib ketishda muammolar paydo bo‘lib keladi, - deydi viloyat chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Payshanov. – Katta hajmdagi yuk tashuvchi mashinalarimiz mahallalarning ichki ko‘chalariga sig‘maydi. Bu esa chiqindini o‘z vaqtida tashib chiqarishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Oqibatda aholi tomonidan noroziliklar paydo bo‘lyapti. Prezidentimiz mazkur sohadagi mavjud muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilishida yengil va qulay bo‘lgan zamonaviy elektromotorellerlardan foydalanish zarurligini tavsiya qilgandi. Samarqand shahridagi “El Xolding” MChJ ham yoqilg‘i, ham elektr quvvatida harakatlanuvchi 20 ta maxsus chiqindi tashishga moslashtirilgan motorellerlar ishlab chiqarib berdi.
Ayni vaqtda ular shaharning 20 ga yaqin tarixiy obidalari joylashgan mahallalarni chiqindilardan tozalab, sanitar ahvolini yaxshilashga xizmat qilishni boshladi. Ularning har biri kuniga ikki martadan 3-3,5 kub ya’ni, 9-10 tonna miqdorida maishiy chiqindilarni qayta yuklash shoxobchasiga tashib chiqarmoqda. Tez orada sanitar korxonasining texnika parki yana 20 ta xuddi shunday kichik yuk transporti bilan to‘ldiriladi.
Haydovchilarning aytishicha, tejamkor motorollerlarni 3 kunda bir marta quvvatlantirish orqali 200 kilometr masofani bosib o‘tish mumkin bo‘lar ekan. Agar sinov muvaffaqiyatli yakunlansa, 140 nafar ishsizlar ish bilan ta’minlanadi.
- Hozircha transportlarimiz Qo‘shhovuz, Urguti kabi mahallalarda sinovdan o‘tkazilmoqda, - deydi “Maroqand obod” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Shohboz Nurboyev. – Motorollerlar ko‘chalarni chiqindilardan tozalab bo‘lgach, har bir mahalla hududida joylashgan qayta yuklash punktiga kelgan katta yuk mashinalariga ortilib, presslangan holda markaziy chiqindi poligoniga jo‘natiladi.
Press-tur ishtirokchilari Xishrav qo‘rg‘onidagi Samarqand chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi korxonasining qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.
“Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos keluvchi mazkur zamonaviy loyiha Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unda kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 150-200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan loyihaga 150 million dollar miqdorida investitsiya jalb etilgan.
- Kelgusi yil yakunida ishga tushishi rejalashtirilgan korxonamiz hozircha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi, - deydi “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi qurilish bo‘yicha bosh direktori Yu.Jeng. - Ayni paytda qurilish maydonlarini tekislash, ko‘p miqdorda tuproq tashish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunyodkorlik ishlarida ikkala davlatdan kelgan 20 dan ziyod maxsus texnika va yuzdan ziyod ishchilar mehnat qilishmoqda.
Shuningdek, press-tur qatnashchilari “Maroqand obod” DM sanitar-tozalash korxonasida ham bo‘lib “GPS” on-line kuzatuv kameralari va raqamlashtirish tizimi bilan ham yaqindan tanishdi.
Press-turning ikkinchi kuni ishtirokchilar Kattaqo‘rg‘on tumanida mazkur sohada ish olib borayotgan tadbirkor ayol - Gulmira Jumayeva ish faoliyati bilan tanishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.