“Samarqand-Qarshi” yo‘lining Nurobod tumani hududida sodir bo‘lgan YTHda vafot etganlar yo‘q
Avvalroq, “Samarqand - Qarshi” yo‘lining Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi qismida o‘nlab avtomobillarning to‘qnashuvi sodir etilganligi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 13 yanvar kuni soat 13:20 larda Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 19 kilometrida “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Qozog‘iston Respublikasi Olmaota viloyatida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi Ponomarev Sergey Aleksandrovich boshqaruvidagi “M-Bens” rusumli KZ 835 BRA05 davlat raqam belgili yuk avtomashinasini KZ 99HNA 05 davlat raqam belgili yarim tirkamasining orqa qismiga Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani O‘lmas qishlog‘ida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi Bobomurod Erdanov boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli 70R 486 KA davlat raqam belgili avtomashina old qismi bilan urilib yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati ZarNews.uzga xabar berishicha, YTH oqibatida “Neksiya-2” rusumli 70R 486 KA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi B.Erdanov va yo‘lovchilar - Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani O‘lmas qishlog‘ida yashovchilar, 1956 yilda tug‘ilgan Nazira Hasanova, 1982 yilda tug‘ilgan Qahramon Boymirzayev, 2004 yilda tug‘ilgan Ra’no Choriyevalar tan jarohatlari olib, RShTYoIM Samarqand filialiga murojaat qilishgan.
Haydovchi B.Erdonov “o‘ng bilak sohasini sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Yo‘lovchi N.Hasanova “ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, ko‘plab qovurg‘a suyaklarining sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Yo‘lovchilari Q.Boymirzayev va R.Choriyevalar “badanining turli sohalari yumshoq to‘qimalari lati yeyishi va shilinmalar” tashxisi qo‘yilib, uyiga javob berilgan.
2020 yil 13 yanvar kuni mazkur yo‘l-transport hodisasi Nurobod tumani IIB navbatchilik qismining Shakl-2 kitobiga 26 raqami bilan qayd qilingan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olib vafot etgan shaxslar aniqlanmadi.
Ushbu xalqaro ahamiyatga ega A-378 “Samarqand-G‘uzor” avtomobil yo‘lining 0-57 kilometrlari Samarqand viloyati hududidan o‘tgan bo‘lib, ushbu yo‘lga Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi (direktori A.Hasanov) tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
2020 yil 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi qor yog‘ib, havo haroratining pastligi tufayli yo‘lning qatnov qismida muzlama hosil bo‘lgan. Yuqoridagi korxona tomonidan yo‘lning qatnov qismida muzlamaga qarshi inert materiallar (qum-tuz aralashmasi, mayda chaqilgan tosh) sepish uchun 4 ta “MAN”, 1 ta “Zil” rusumli yuk avtomobillari, 2 ta qum sepadigan va qor kuraydigan maxsus texnikalar hamda 303-sonli yo‘l bo‘limi boshlig‘i F.Hakimov rahbarligida 18 nafar yo‘l ishchilari, shuningdek, ushbu yo‘lda harakat xavfsizligini ta’minlashga 8 ta YPX patrul avtomashinasi va 15 nafar YPX inspektorlari jalb qilingan.
Yo‘lning Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi 20 kilometrida 2020 yil 13 yanvar kuni soat 11.00 lar atrofida YTH sodir etilgan vaqtda yo‘lning qatnov qismiga qum tuz arashmasi sepilgan, muzlama erigan, qalin tuman tushganligi sababli ko‘rinish masofasi 5-10 metrni tashkil etgan.
Samarqand viloyati hududida ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi, qor yog‘ishi, qalin tuman tushishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lishi, avtomobil yo‘llarida harakat qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklar keltirib chiqarishi, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida, ayniqsa, dovon yo‘llarida harakatlanishda murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, texnik nosoz transport vositalaridan foydalanmasliklarini, zarurat bo‘lmaganda, tunggi vaqtlarda harakatlanmaslikni, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishlarini so‘raydi.
Hurmatli fuqarolar!
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har qanday asossiz xabar va ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz.