Samarqand ruslar tomonidan qanday bosib olingan edi?
1868 yilning 9 aprelida Buxoro amiri Said Muzaffar Bahodirxon Turkiston o‘lkasi general-gubernatori Fon-Kaufmanning oxirgi xatiga javob bermadi. Bu orada buxoroliklarning Samarqandda to‘planayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Qo‘qonda miltiqlar yasalayotgani to‘g‘risida mish-mishlar urchigach, buxorlik va shahrisabzliklar o‘rtasidagi nizolarga barham berildi va ular buxoroliklar bilan birlashdi.
Aprel oyining boshida Turkistondagi rus armiyasi safida - Bulung‘urda 2010, O‘ratepada 800, Xo‘jandda 1 500, Toshkentda 2 000, jami 6 300 odam bor edi. Shu bois osiyoliklar to‘dasini tarqatib yuborish rus soldatlari uchun oson edi. Ular buning uchun bironta aholi punktini egallab, mahalliy aholi orasiga vahima solishi va punktni uzoq muddat ushlab turishi kerak edi.
Bu orada Buxoro amiri ruslarning shartiga 7 oydan buyon javob bermay, yonidagi xonliklardan yordam so‘rab, qo‘shin to‘play boshladi. Bu orada ruslar katta otryad to‘plab, yengilmasliklari haqida mahalliy aholini ishontirishga kirishdi. 18 aprelda Turkiston o‘lkasi general-gubernatori Toshkentdan yordam kuchlarini olib, Jizzaxga yetib keldi. 22 aprel kuni Yangi-Qo‘rg‘on (hozirgi Bulung‘ur shahri)dagi askarlarning ahvoli bilan tanishdi.
Shu orada ruslarga Samarqand shahriga Buxoro va Shahrisabzdan yordam kuchlarining yetib kelayotgani haqidagi xabarlar kela boshladi. Buni eshitgan rus armiyasi Jizzaxda artilleriya va qurol-yarog‘, ot-aravalarni to‘plashdi.
1868 yilning 28 aprelida Bulung‘urga yetib kelgan josuslar Samarqand aholisi Rossiyaga qo‘shilishga tayyor ekanligini, ammo din peshvolari aholining qarshiligiga qaramay, amirning katta o‘g‘li boshchiligidagi lashkar bilan xalqni urushga da’vat etishda davom etayotganligini aytishdi.
Samarqandda to‘plangan qo‘shinlardan tashqari, Chelekda 200 ta piyoda, uchta to‘p bilan, Jom-buloq va Juma-bozorda 1000 gacha, Nurotada esa 2000 gacha qirg‘izlar to‘plangan edi.
29 aprelda rus qo‘shinlari qo‘mondoni Samarqand beklaridan xat oldi. Xatda ular rus qo‘shinlari Bulung‘urni tark etmasligi, tinchlik shartnomasi shartlari bir necha kun ichida yuborilishini yozishgandi. Maktubga o‘n yetti bekning muhri ilova qilinib, xatning ohangi vaqtdan yutish uchun bahona ekanligini bildirib turardi.
Ruslar uchun hujumni to‘xtatib turish mumkin emas edi. Bu bilan Samarqanddagi 50 minglik lashkarning ustiga Shahrisabzdan yana 50 minglik lashkar qo‘shilishi imkoniyatini berardi. Shuning uchun rus armiyasi 30 aprel kuni ertalab soat 4:00 lar atrofida 21-rota, 16 to‘p va 500 ga yaqin kazakdan iborat 3,500 kishilik otryad bilan Samarqandga qarab harakatni boshladi.
Yo‘lda ular amirning elchisi Mirza Shamsiddinni uchratishdi. U rus qo‘shinlari qo‘mondoniga amirning yangi xatini topshirib, bir kundan keyin haqiqiy elchi kelishi haqidagi xabarni yetkazdi. Rus qo‘mondoniga olib kelgan amirning sovg‘alarini topshirdi. Rus qo‘shinlari qo‘mondoni sovg‘alarni qabul qilmadi va Mirza Shamsiddinga Said Muzaffar tomonidan tasdiqlangan tinchlik shartnomasini olmaguncha qo‘shinlar harakatini to‘xtatmasligini bildirdi.
Rus qo‘shinlari soat 5:00 ga yaqin Tosh-ko‘prik (Jomboy shahriga kiraverishda, Mirza-ariqning ustiga o‘rnatilgan ko‘prik)ka yetib kelib, tunash uchun to‘xtadi.
Otryad harakatni davom ettirishga tayyor turgan 1 may kuni ertalab Mirza Shamsiddin yana qo‘shinlar komandiridan Bulung‘urga qaytishni yoki amirning xabarchisi kelishini kutishni so‘radi. Tinchlik shartnomasi shartlari albatta, ertadan kechiktirmay yuborilishi, qo‘shin qo‘mondonini Samarqandda katta qo‘shin yig‘ilmaganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.
Yo‘lda ularga Buxoro lashkarlari duch kelishdi va qisqa otishmadan so‘ng orqaga chekinishdi. Shundan keyin rus askarlari hujumga o‘tish uchun o‘z pozitsiyalarini egallay boshladi. Buni ko‘rgan Mirza Shamsiddin ketishga izn so‘radi. Rus qo‘shinlar qo‘mondoni unga ketishga ruxsat berdi hamda qon to‘kilishining oldini olish, tinchlik shartnomasini tuzish uchun Zarafshon daryosi yoqasidagi Buxoro amiri qo‘shinlarini olib tashlashni maslahat berdi.
Shundan keyin amirning yangi elchisi kelib, amir tomondan imzolangan tinchlik shartnomasini keltirganini aytdi. Bu ruslar uchun ham yana bir ikoniyat edi. Chunki qo‘shinlar juda charchagan, ot-aravalarining ko‘p qismi orqada qolgandi.
Shartnoma ruslar talab qilgan darajada bo‘lmaganligi uchun qo‘mondon yana oldinga yurishga buyruq berdi. Elchi Najmiddin Xo‘ja ularga oldinga harakat qilmaslikni, qo‘shinlar joyida to‘xtab turishini iltimos qildi.
Qo‘shinlar qo‘mondoni otryad Zarafshon daryosi yonida to‘xtashini, chunki uni har tomondan atrofini sarbozlarga to‘la bo‘lgan, bog‘lar qurshab turgani uchun bu yerda tunashi shart emasligini aytdi. Bog‘lardan chiqishgach, oxirgi uch-to‘rt kilometr yo‘lni otryad jadal sur’atda boisb o‘tdi. Qo‘shinlar sarkardasiga Najmiddin Xo‘ja ham ergashib borardi.
Ular Zarafshon daryosi yoqasiga kelishgach, qo‘shinlar qo‘mondoni daryo yoqasidagi Cho‘pon ota tepaliklari ustida turgan buxoroliklarni ko‘rib, Najmiddin Xo‘jadan:
- Bu nima? - deb so‘radi.
- Hech narsa! - Najmiddin Xo‘ja sovuqqonlik bilan javob berdi. - Xalq va qo‘shin qarshingizga sizni kutib olishni istab chiqdilar.
Bu payt yon qanotdan ruslarga buxorolik otliqlar hujumga o‘tdi. Qo‘shinlar qo‘mondoni artilleriya boshlig‘i, podpolkovnik Shtrandmannga bu otryadni o‘qqa tutib, daryoning narigi tomoniga surib tashlashni buyurdi.
Podpolkovnik Shtrandmann to‘rt yuz kazak, yengillashtirilgan to‘rtta to‘p quroli va raketa batareyasi bilan dushmanga hujum qilib, balandliklarga joylashtirilgan Buxoro artilleriyasining kuchli o‘t ochishiga qaramay, suvoriylarni daryoning chap qirg‘og‘iga surib tashladi.
Amirning elchisi kamtarlik bilan qo‘shinlar qo‘mondonidan hujumni to‘xtatib turishni, bir soat ichida Cho‘pon ota ustidagi qo‘shinlarni orqaga qaytarish uchun ruxsat so‘radi.
Qo‘shinlar qo‘mondoni Buxoro qo‘shinlarining shahar tomonga balandlikdan tushib chekinishini ko‘rsa, bir soat ichida hujum boshlamasligini aytib, unga javob berdi.
Buxoro lashkarlari artilleriyasi yana ruslarni to‘pga tuta boshladi. Buxoroliklarning strategik maqsadi balandliklarning janubiy tomoni, o‘ng yonbag‘rini saqlab turish bo‘lib, u yerda Samarqandga eng qisqa yo‘l bor edi. Bu hozirgi Zarafshon daryosidan o‘tgandagi yo‘ldir. Qo‘shinlarga buyruq beradigan barcha asosiy beklar shu yerda joylashgandi.
Rus qo‘shinlari qo‘mondoni shu kungi jang rejasiga Samarqandni bosib olishni kiritmagandi. Chunki otryad jazirama issiqda o‘ttiz ikki kilometr yo‘l bosib charchagan edi. Ularning orzusi 1-may kuni balandliklarni egallab, raqibni chekinishga majbur qilish edi. Ular buxoroliklarni ertaroq chekintirishga erishdi. Rus qo‘shini qo‘mondoni general Golovachevga buxoroliklar pozitsiyasining ikki nuqtasiga, o‘ng tomonga va markazga hujum qilish buyurildi.
Golovachev polkovnik Abramov qo‘mondonligidagi chap qanot qo‘shinlarini buxorliklar pozitsiyasining o‘ng qanotiga yubordi va o‘zi 9-, 3-chi rotalar va o‘qchi batalonlari bilan buxoroliklar joylashgan joyning markaziga qarab hujumga o‘tdi.
Rus askarlari ko‘kragigacha suvga botib, Zarafshon daryosidan o‘tdi va balandliklarga yugurib chiqa boshladi. Qo‘shinlar balandlikka ko‘tarilgach, buxoroliklarning otliq to‘dasi pastda qolgan qo‘shinlarga qarshi hujumga o‘tdi. Rus artilleriyasining zarbalaridan so‘ng buxoroliklar nihoyat chekinishga majbur bo‘ldi. Buxoro sarbozlari vahimaga tushib, miltiqlarini va 21 dona to‘pni tashlab orqaga qocha boshladi.
Buni ko‘rgan samarqandliklar ham chekinishga majbur bo‘ldi. Qochgan Buxoro sarbozlari Samarqand shahriga qaytib kelganlarida samarqandliklar ularni "qo‘rqoq" va "xoin" deb atab darvozalarini yopib olishdi va ularni shaharga kiritishmadi.
Noiloj Buxoro sarbozlari Kattaqo‘rg‘on tomon chekindi. Rus qo‘shinlarining o‘ta charchaganligi chekinayotgan buxoroliklarni ta’qib qilishga imkon bermasdi. Shuning uchun ham buxoroliklar balandliklar ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunga qadar ruslar chekinayotganlarga onda-sonda to‘pdan o‘q uzib turdilar.
1868 yilning 1 may kunida kechqurun soat 6:00 ga yaqin rus qo‘shinlari Cho‘pon ota balandliklarini egalladi. Ruslardan jang mobaynida 2 kishi halok bo‘ldi, 38 kishi yaralandi.
Ruslar safida turib jang qilgan afg‘onliklar rotasida ham yo‘qotishlar bor edi. Qorong‘i tushgach, charchagan rus askarlari dam olishga joylashdi. Asosiy ot-aravalar ortda qolganligi uchun bu yerda yeyishga hech narsa yo‘q edi.
2 may kuni tongda Samarqand shahri diniy ulamolari va ma’muriyatining katta vakillari rus qo‘shinlari qo‘mondoniga iltimos bilan kelganlarida ruslar xursand bo‘lishdi. Ular rus qo‘mondonidan shaharni o‘z vasiyligiga olishni, "oq poshsho"ga bo‘ysunishlarini, oqsoqollar boshlig‘i Katta Amin rus generaliga amir beklari zulmidan, istibdodidan aziyat chekayotganini bildirdi.
Bu o‘rinda taxmin qilish mumkinki, Samarqand ma’muriyati tinch aholining qirilib ketishidan, tarixiy obidalarning to‘plar zarbida vayron bo‘lishidan, ayniqsa, Amir Temurning maqbarasining vayron bo‘lishidan qo‘rqishgandi.
Kutilmagan bu iltimos, musulmonlar rahbarining talablari rus generalini o‘ylantirib qo‘ydi. Bu odamlar chindan ham samimiy niyat bilan shaharni topshirish uchun kelganmi yoki buxoroliklar uchun qulay bo‘lgan joyda rus qo‘shinlarini yanchib tashlash maqsadidami?
Rus qo‘shinlari qo‘mondoni Samarqandni o‘z vasiyligiga qabul qilishga rozilik bildirib, shaharda istiqomat qiluvchi barcha qabilalarning, din peshvolari, oqsoqollar rus qo‘shinlarni kutib olish uchun shahar darvozasi oldida to‘planishga da’vat etdi. Din peshvolari boshlig‘i Qozi kalon va oqsoqol Katta Amin yo‘l boshlab borish uchun lagerda qoldirildi. Ertalab qo‘shinlar qo‘mondoni yaradorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, ayrim rotalardagi oziq-ovqat sifatini tekshirishni tugatayotganida ikki oqsoqol Samarqandga kirishni tezlatish uchun iltimos bilan kelishdi. Ular tushga yaqin shahrisabzliklarning 20 000 kishilik qo‘shini Samarqandni egallashi mumkinligini bildirishdi.
Rus qo‘shinlari qo‘mondoni darhol Samarqand tomon yurishga buyruq berdi. Ruslarning uchinchi rotasi Shohi Zinda darvozalarini egalladi. Qolganlari oldinga qarab yo‘l olib, bir vzvod o‘qchilar Shohi Zinda tepasiga qator bo‘lib tizildi...
Rustam XO‘JAYoROV,
mehnat faxriysi.