Samarqand shahri va Jomboyda tibbiy xizmat yangicha bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har bir viloyat markazi va bittadan tumanda namunali, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ryapti.
Belgilangan tadbirga asosan Samarqand viloyatida Samarqand shahri va Jomboy tumani tanlab olingan. Deputatlar mahalliy hokimiyat va jamoatchilik yordamida mavjud ahvolni o‘rganib, taklif va tavsiyalar asosida tibbiyot muassasalari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish choralarini belgilayotir.
Bunda asosiy e’tibor:
- tibbiyot muassasalari joylashuvi aholi uchun qulayligi;
- tibbiyot muassasalari tashkiliy tuzilmalarining samaradorligi;
- binolarning bugungi kun talabiga javob berishi;
- tibbiyot muassasalarida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
- tibbiy asbob-uskuna va tibbiy jihozlar ta’minoti;
- aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish
borasidagi muammolar o‘rganilib, ularga yechim izlanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev rahbarligidagi ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida muammolarni o‘rganish, takliflar tayyorlash maqsadida mutaxassislardan iborat guruhlar shakllantirildi. Fuqarolar Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining samarkand.vssb@minzdrav.uz elektron pochtasiga o‘z takliflarini yuborishlari mumkin.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
O‘lmas SAYDINOV.
Saytimizni kuzatib borsangiz, Ishchi guruhi xulosa va takliflaridan xabardor bo‘lasiz.