Samarqand shahrida 31 nafar bolaga 12 million so‘mlik kiyim-kechak, dori-darmon va oziq-ovqat to‘plami yetkazildi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi tashabbusi bilan Milliy tiklanish demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda “Samarqand dori-darmon” AJ bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi “Ilmobod” mahalla markazida Ilmobod va Hunarmandlar mahallalarida istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan, chin yetim fuqarolarni oziq-ovqat, kiyim-kechak mahsulotlari hamda dori-darmon bilan ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida xayriya tadbiri tashkil qilindi.
Tadbir davomida 31 nafar bolaga fond tomonidan homiylik asosida 12 million so‘mlik maktab formalari, oziq-ovqat mahsulotlari va o‘quv qurollari, Milliy tiklanish demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari hamda “Samarqand dori-darmon” AJ tomonidan ehtiyoji bor fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari tarqatildi.
Tadbir so‘ngida bayram dasturxoni tashkil qilindi, deya xabar bermoqda fondning viloyat bo‘limi boshqaruvi axborot xizmati.