Samarqand shahrida noqonuniy qurilgan 31 ta ob’yektlar qisman buziladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat respublika maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra Samarqand shahrida noqonuniy qurilgan deb topilgan 31 ta ob’yekt qisman buziladi. Bu haqda Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur ob’yektlarda demontaj (buzish) ishlari Samarqand viloyat va shahar prokuraturasi, Samarqand shahar hokimligi, majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi va shahar bo‘limi, viloyat madaniy meros boshqarmasi, Samarqand shahar ichki ishlar va adliya bo‘limlari, davlat soliq inspeksiyasi, viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi hamda shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan olib boriladi.

Samarqand shahrining tarixiy qismi va muhofaza hududida madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish hamda shaharsozlik qoidalariga va me’yorlariga zid holda qurilayotgan, shuningdek, qurilgan ob’yektlarni demontaj (buzish) ishlarini loyihalashga 23 ta loyiha tashkiloti ishtirok etadi.