Samarqand shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston turizm forumi bo‘lib o‘tdi

Unda Qirg‘iz Respublikasidan kelgan va Samarqandda faoliyat ko‘rsatayotgan sayyohlik sohasi mas’ullari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Shuningdek, forumda ayni paytda tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, xususan, Markaziy Osiyoda yagona sayyohlik yo‘nalishini tashkil etish, bu borada Qirg‘iz Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanishicha, 2024 yilda O‘zbekistonga 2 milliondan ortiq qirg‘izistonlik sayyoh kelgan. Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston shaharlari o‘rtasida har kuni 11 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Ikki davlat fuqarolari ID karta orqali chegaradan o‘tib-qaytadi.
Qirg‘iz Respublikasi turizm taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash fondi prezidenti Q.Risaliyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlik turizm yo‘nalishida ham jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Mazkur forum esa bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Forumda ikki mamlakat turizm salohiyati, mavjud imkoniyat va resurslari haqida soha mas’ullari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, forumda Samarqand shahridagi xalqaro turizm markazi, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyati haqida ma’lumot berildi.