Samarqand shahrida xayriya mablag‘lari hisobidan sport maydonchasi barpo etildi

Samarqand shahridagi Nurafshon mahallasida yangi sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Umumiy maydoni 600 kvadrat metr bo‘lgan ushbu maydoncha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi  tashabbusi bilan barpo etilgan.

- Mazkur sport maydonchasi «Samarqand marafon seriyasi» doirasida yig‘ilgan xayriya mablag‘lari hisobidan qurildi, - deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining maxsus loyihalar guruhi menejeri, yugurishlar seriyasining kuratori Mirxon Sagitov. - 20 ta sport anjomi va 17 turdagi jihozlar bilan ta’minlangan sog‘lomlashtirish inshootida barcha fuqarolar bepul shug‘ullanishi mumkin. Kelgusida «Samarqand marafon seriyasi» doirasida o‘tkaziladigan barcha yugurish musobaqalari o‘tkaziladigan, ya’ni «Bukhara Night Race», «Samarkand Marathon», «Sky Camp Bo‘stonlyq» va «ZAAMIN ULTRA» kabi shaharchalarda ham shunday bolalar sport maydonlari qurish rejalashtirilgan.

Samarqand marafon yugurish musobaqalari seriyasi shunchaki marafon emas, balki xayriya platformasi hamdir. Bu loyiha orqali ishtirokchilarning hissasi va to‘lovlari yordamida shaharlarda inklyuziv sport maydonlarini yaratishga ko‘maklashiladi.

Yugurish musobaqalarida ishtirok etib, siz nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilasiz, balki yurtimizda ommaviy va havaskor sportni rivojlantirishga o‘z hissangizni qo‘shasiz.