Samarqand shahrida “Yoshlar media markazi” foydalanishga topshirildi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida tashkil etilgan ushbu markazda media sohasiga qiziquvchi samarqandlik yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi tomonidan markaz kerakli texnika va kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.

Uning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov ishtirok etdi va yoshlar bilan uchrashib, ularning muammo hamda takliflarini tingladi.

- O‘zbekiston jahon tillar universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida o‘qish jarayonida amaliyot o‘tash maqsadida televideniyega borardik, - deydi “Yosh jurnalistlar maktabi” rahbari Naima Po‘latova. – U yerga kirish uchun soatlab kutgan paytlarimiz bo‘lgan. Bugun esa bu muammolarga yechim bor. Nafaqat poytaxtda, balki viloyatimiz markazida ham bo‘lajak jurnalistlar amaliyot o‘tashlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Markazda suhbatlar o‘tkazish, ko‘rsatuvlar tayyorlash uchun studiya tashkil etildi. Yashil fon o‘rnatildi. Bu markazdan ijodkor yoshlar, jurnalistlar, blogerlar, axborot texnologiyalariga qiziquvchi yigit-qizlar bemalol foydalanishi mumkin.

Xumora Esoxonova.