Samarqand shahridagi 16 ta chorrahada tadbirkorlar qoidabuzarlikni qayd etuvchi onlayn-kamera va radarlar o‘rnatmoqda
Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, 2021 yil davomida shaharda yo‘l-transport hodisalari soni 2020 yilga nisbatan 43 taga oshib, 188 tani tashkil etgan. Buning oqibatida 176 kishi turli darajada tan jarohati olgan, 21 kishi halok bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisalarining 25 tasi bolalar ishtirokida yuzaga kelgan va bundan shuncha miqdorda bola tan jarohati olgan.
- Yil davomida shahar yo‘llarida 79 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlanib, 14 milliard 133 million so‘mdan ortiq jarimalar undirildi, – deydi kichik serjant Shuhrat Xolmamedov. – Jumladan, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositasini boshqarganligi uchun 853 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun sudlarga yuborildi. Eng achinarlisi, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari haydovchilari tomonidan 1300 ta qoidabuzarlik sodir etildi. Bu qoidabuzar haydovchilarning 87 nafari transport vositasini mast holda boshqargan. Albatta, bunday holatlar uchun haydovchilar va bunga yo‘l qo‘ygan korxonalar mas’ullariga nisbatan belgilangan choralar ko‘rildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, ayni paytda Samarqand shahridagi yo‘llarda qoidabuzarliklarni qayd etish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan onlayn-kamera va radarlar o‘rnatilmoqda. Dastlabki bosqichda 16 ta chorrahada shunday vositalar o‘rnatilib, joriy yilning mart oyiga qadar ularni ishga tushirish rejalashtirilgan.