Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi
Muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ko‘rsatmalarni berdi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yilning o‘zida viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi asosida 17 ta zamon talablariga mos davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi. Ushbu muassasalarning qurilishi, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanishi va jihozlanishi uchun davlat byudjetidan 12 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni jarayonda Investitsiya dasturi asosida Samarqand shahrida 5 ta davolash-profilaktika muassasalari qurildi va bunyodkorlik ishlari olib borildi. 4-oilaviy poliklinika shulardan biridir.
- Muassasamiz 1954 yilda kattalar poliklinikasi sifatida ish boshlagan, - deydi muassasa bosh vrachi To‘lqin Suvonov. — Muassasaning eski binosida zaruriy tibbiy xizmat uchun yetarli sharoit yo‘q edi. Uning quvvati ham atigi 110 ta qatnovga mo‘ljallangan edi. Vaholanki, muassasamiz Samarfand shahridagi 25 mahallada yashovchi 45 ming aholiga birlamchi sanitar-tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Shuncha aholiga zarur tibbiy xizmat uchun bu juda ham kamlik qilardi. Yangi binoda barcha imkoniyatlar yaratildi. Quvvati qariyb ikki baravarga oshib, kuniga 200 qatnov amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda 3 ta umumiy amaliyot shifokorlari (UASh), “Ayollar maslahatxonasi”, tor soha mutaxassislari, funksional diagnostika bo‘limlari hamda laboratoriya mavjud.
“Ma’ruf servis qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlariga davlat byudjetidan 3 milliard 610 million so‘m mablag‘ sarflandi. Muassasaning tibbiy uskunalar bilan ta’minlash va jihozlash uchun 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada muassasa EKG, EXO, UZI, biokimyoviy analizator, sentrifuga, oftalmoskop, otoskop, 2 ta yangi stomatologik jamlanma kabi zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlandi.
Alisher ISROILOV.