Samarqand shahridagi bog‘chalarda autsorsing tizimi joriy etildi
![](https://static.zarnews.uz/crop/7/4/720__80_74448d56f2ff831e33406ba4889c68ce.jpg?img=self&v=1588991890)
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik sub’yektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish ishlari eksperiment tarzida amalga oshirildi, ya’ni autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yildi.
– Mazkur tizim kutilgan natijani berdi va o‘zini oqladi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sa’dinova. – Shu bois viloyatimizda ham autsorsing tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishga kirishdik. Viloyat hokimi tomonidan 2018 yil 24 sentyabrda “Samarqand shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tajriba tariqasida autsorsing tizimini joriy qilish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra, shahardagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish maqsadida ularga oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’yektlari tegishli tanlov komissiya tomonidan o‘rganildi. Belgilangan talablarga javob beradigan korxonalar tanlanib, 1 noyabrdan Samarqand shahridagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar autsorsing tizimi orqali ovqatlantirilmoqda.
Ayni paytda Samarqand shahridagi 96 maktabgacha ta’lim muassasasi oshxonasi 14 nafar tadbirkorga nol qiymatda berilgan. Ular oshxonalardagi mavjud uskuna va idish-tovoqlardan foydalanish bilan birga, belgilangan me’yorlar bo‘yicha qo‘shimcha jihozlash choralarini ko‘rmoqda.
– Shahardagi 13 maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirishni zimmamizga olganmiz, – deydi “Bolalar kelajak oshxonasi” oilaviy korxonasi rahbari Dilshod Toshmurodov. – 70 nafar ishchimiz bor. Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi o‘zimizning fermer xo‘jaliklarimiz va xususiy korxonalarimizda tayyorlanadi. Faqatgina non va non mahsulotlarini boshqa tashkilotlardan xarid qilayamiz. Lekin kelgusida kichik sex tashkil etib, bu mahsulotlarni ham o‘zimiz tayyorlashni rejalashtirganmiz. Bugungi kunda har bir bolaning kunlik ovqatlanishi 7800 – 7900 so‘m miqdorida to‘g‘ri kelmoqda.
– Shu paytgacha bog‘chaga kelishim bilan avvalo oshxonada nima tayyorlanayotgani, mahsulotlar yetarlimi-yo‘qmi, bolalar qanday ovqatlanayotgani bilan qiziqardim – deydi 94-maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Surayyo G‘afurova. – Endi esa bu tashvishlar “Hikmatillo” mas’uliyati cheklangan jamiyati zimmasida. Korxonaning to‘rt nafar xodimi belgilangan SanPin me’yorlari bo‘yicha kunlik taomnoma asosida ovqatlarni tayyorlayapti. Muassasa hovlisida kunlik taomnoma yozib qo‘yiladi. Ota-onalar ham, o‘zimiz ham tanishib boramiz. Bu tizim biz uchun juda qulay ekan. Asosiy vaqtimiz, diqqat-etiborimizni bolalar ta’lim-tarbiyasiga qaratyapmiz.
Yangi tizimning qanchalik samarali ishlayotganini o‘rganish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va shahar bo‘limi qoshida monitoring guruhlari ham tuzilgan. Ularning kunlik o‘rganish natijalari tahlil etib borilmoqda.
G‘.HASANOV.