Samarqand shahridagi litseylarda o‘qish boshlangan. Lekin jihozlash va boshqa talablar bajarilganmi?
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarda 2020-2021 o‘quv yilini an’anaviy tarzda boshlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan 15 oktyabrdan oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarda 2020-2021 o‘quv yili dars jarayonlarini an’anaviy tarzda boshlash belgilangan.
Bunda sanitariya me’yorlari (SanPin) talablari bajarilgan taqdirda va ota-onalar hamda deputatlardan ijobiy xulosa berilgandan so‘ng akademik litseylarda o‘quv jarayonini boshlashga tayyorligi haqida hududiy ishchi guruhlarning xulosasi olinishi belgilab qo‘yilgan.
Samarqand shahridagi akademik litseylarda o‘quvchilarning ota-onalari bilan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga asosan 56,1 foiz ota-onalar farzandlarining akademik litseyga kelib o‘qishiga, 43,9 foizi esa onlayn ta’limga xohish bildirgan.
Akademik litseylar pandemiya sharoitida o‘quvchilarni qabul qilishga tayyormi? Bu borada berilgan ko‘rsatmalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudmi? Litseylar sanitar-gigiyenik talablarga javob beradimi?
Joriy yilning 20-21 oktyabr kunlari Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalari tarkibiga kiruvchi 7 ta akademik litseylarda mazkur savollarga javob izlandi. Ya’ni, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining maxsus ishchi guruhi litseylardagi mavjud ahvol hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Deyarli barcha akademik litseylardagi guruh xonalari, yo‘laklar yangi o‘quv yiliga tayyor, faqat Samarqand tibbiyot instituti tasarrufidagi akademik litseyda kapital ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Litseyning 3- qavatida ta’mirlash ishlari yakunlangan. Lekin 1- va 2-qavatda ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Ayni paytda Samariand tibbiyot instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qoshidagi akademik litseyning pedagog kadrlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda. Samariand davlat universiteti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litseylarning pedagog o‘qituvchilari 2021 yilning yanvar oyida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi rejalashtirilgan.
Litseylarning pedagog-o‘qituvchilari koronavirusga qarshi test topshirgan. Natijalarga ko‘ra, SamTI akademik litseyning 2 nafar texnik xodimida, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti akademik litseyining 6 nafar o‘qituvchi va 2 nafar texnik xodimlarida, SamISI akademik litseyining 3 nafar o‘qituvchi va hamshirasida, SamDChTI akademik litseyining 1 nafar o‘qituvchisida musbat natija qayd etilgan.
Barcha litseylarda tibbiyot xonalari mavjud. Lekin SamTI akademik litseyi tibbiyot va izolyasiya xonalari ta’mirtalab, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti akademik litseyi tibbiyot va izolyasiya xonalari o‘quv binosidan uzoqda, ya’ni yotoqxonada joylashgan.
Akademik litseylarda asosan 0,5 yoki 1 shtat birligida hamshira va 0,25 yoki 0,5 shtat birligida umumiy amaliyot shifokori biriktirilgan. Demak, shifokor haftaning faqatgina ma’lum bir kunida ishlaydigan bo‘lsa, haftaning qolgan kunlari va ikkinchi navbatdagi o‘qituvchi va o‘quvchilarning sog‘lig‘iga kim javob berishi mavhum qolmoqda.
SamTI akademik litseyida na shifokor, na hamshira shtati bor. Vaholanki, o‘qituvchi va o‘quvchilarning salomatligini doimiy nazoratga olish, infeksiya sintomlari sezilgan vaqtda darhol tegishli tadbirlarni ko‘rish uchun ham tibbiyot xodimlari zarur.
SamDChTI, SamTI va SamVMI, SamDAQI akademik litseylarida tana haroratini o‘lchaydigan asboblar o‘quvchi soniga nisbatan yetarli darajada ta’minlanmagan.
Bugungi kunda barcha o‘qituvchi-pedagoglar, litsey ishchi-xodimlari ish joyida faoliyat olib borishlarini hamda tashqaridan keladigan shaxslarni inobatga olsak, oddiy ko‘ringan bu ehtiyojning ahamiyatini mutasaddilar hisobga olmagan ko‘rinadi. Shuningdek, dezinfeksiya uchun xlor, har 2-3 soatda almashtirib turish uchun bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar kerak.
Albatta, ushbu masalani shahar moliya bo‘limi ijobiy hal etishi talab etiladi.
O‘rganish davomida barcha akademik litseylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati va sanitar-gigiyenik xonalarning ahvoli o‘rganildi. Akademik litseylardagi ichki sanitar-gigiyenik xonalar ta’mirlangan, kerakli dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ta’minlangan. Faqatgina SamTI qoshidagi litsey binosining 1-qavatdagi ayollar uchun mo‘ljallangan bunday xona avariya holatida.
O‘rganilgan akademik litseylardagi issiqlik tizimi, ya’ni qozonxonalar tartibga keltirilgan, ishchi holatida. Qayd etish lozimki, SamTI litseyi binosining atrofi o‘ralmagan. Fikrimizcha, faqatgina videokuzatuv moslamalari bilan xavfsizlikni nazorat qilish muammo tug‘diradi.
Qayd qilingan muammolar xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining sessiyasi kun tartibiga kiritilib, soha mutaxassilari, mutasaddilarning fikr-mulohazalari tinglandi. Qabul qilingan qarorda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq muddat belgilandi.
Muhiba BOBOBEKOVA,
xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati, ishchi guruh rahbari.