Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari chorrahasida tonnel qurilishi boshlandi
Abu-Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish» investitsiya loyihasi bo‘yicha shaharning Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida qazish ishlari olib borilib, uzunligi 44 metr bo‘lgan tonnel qurilishiga kirishildi.
Mazkur loyiha "Me’mor O‘tkir Chovka LLC" (O‘zbekiston) & "Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” (Xitoy) – konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Hozirda chorrahada bosqichma-bosqich elektr energiyasi hamda aloqa tarmoqlarini ko‘chirish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda chuqurligi 5 metr, eni 190 santimetr bo‘lgan handaq qazilib, suv oqova tarmoqlarini o‘tkazish uchun beton quvurlar tashlanmoqda.
- Qurilish ishlarida 5 nafar xitoylik va turkiyalik malakali mutaxassislar ham yaqindan yordam bermoqda, - deydi loyihaning texnika xavfsizligi bo‘yicha muhandisi Alisher Umetov. – Hozirgacha 170 metrdan ziyod masofadagi eski kommunikatsiya tarmoqlari xavfsiz hududga ko‘chirildi.
Ob’yektda viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ mutaxassislari o‘zlariga belgilangan hududlarda mehnat qilmoqda.
Asosiy qazish va kavlash ishlari Toyloq tumanidagi «Shuhrat Qambarov gaz servis» xususiy korxonasi ishchilari zimmasiga yuklatilgan.
- Hududni tozalab, handaq kavlashda yer ostida ko‘milib ketgan, biroq ayni paytda ishlab turgan kommunikatsiya va oqova, elektr energiyasi tarmoqlarini chiqarib olish biroz qiyin bo‘lmoqda, - deydi «Shuhrat Qambarov gaz servis» xususiy korxonasi rahbari Sh.Qambarov. – Ammo maxsus texnikalar va tajribali mutaxassislar yordamida bu ishlarni amalga oshirib kelyapmiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.