Samarqand shahridagi "Mo‘’jiza" amfiteatrida qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro turnir boshlandi
Qo‘l jangining professional R-1 yo‘nalishi bo‘yicha ilk marotaba o‘tkazilayotgan xalqaro turnirning asosiy va reyting janglarida yurtimiz vakillaridan tashqari Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va AQSh qo‘l jangi ustalari bellashmoqda.
Uning ochilish marosimida Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi (WTKF) prezidenti V.Xryunov, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti R.Iminjanov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.
Birinchi jang boshlandi va unda 65 kilogramm vazn toifasida qirg‘izistonlik qo‘l jangi ustasi Bekulan Sayibjan ulu hamyurtimiz Firdavs Rahimov bilan bellashdi. Unda qirg‘izistonlik jangchining qo‘li baland keldi.
Asosiy jang g‘olibi 2000, ikkinchi o‘rinni egallagan sportchi 1000 AQSh dollariga ega bo‘ladi. Reyting janglari g‘oliblariga 1000, ikkinchi o‘rin sohiblariga 500 dollar ajratilgan.
Ma’lumot o‘rnida: turnirning asosiy jangi ishtirokchilari - o‘zbekistonlik Jahongir Jumayev va rossiyalik Magomed Ibragimov avval ham Moskvada bo‘lib o‘tgan turnirning match-revansh yo‘nalishida to‘qnash kelishgan. O‘sha jangda Jahongirning qo‘li baland kelgan edi.
Husan Eltoyev.