Samarqand shahriga 20 ta "Damas" rusumidagi tez tibbiy yordam avtomashinallari topshirildi
Bugun Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan davlat sanitariya-epidemiologiya idoralari mutaxassislari, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, yong‘in xavfsizligi xodimlari bir muddat Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida yig‘ildi.
Dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov pandemiyaga qarshi choralar ko‘rish, aholining karantin cheklovlariga qat’iy amal qilishi va ularni uyda qolishini ta’minlash bugunning dolzarb yumushi ekanini ta’kidladi. Samarqand shahrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida hududlarni dezinfeksiya qilish va maxsus ishlov berish borasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etayotgan xodimlarga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng ushbu tadbirlar davomida o‘zining jonkuyarligi, qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajarganligi, fidoyiligi va faol ishtiroki uchun 100 nafarga yaqin xodimga Samarqand shahar hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, karantin davrida epidemiologik vaziyatni yumshatishda sifat va samaraga erishishni ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi nomidan Samarqand shahriga 20 ta "Damas" rusumidagi tez tibbiy yordam maxsus avtomashinalari topshirildi.
Husan ELTOYeV.