Piyoda yurgan “tez tibbiy yordam”
...Uyimizga bir necha chaqirim keladigan poliklinikada tez tibbiy yordam punkti ham bor edi. Uni tez tibbiy yordam deb aytish qanchalik to‘g‘ri, buni quyidagi misolimdan ham bilib olasiz.
Gap shundaki, kechasi onamning mazasi bo‘lmay qoldi. Poliklinikaga tez tibbiy yordamni chaqirishga bordim. Chiroq o‘chgan ekan. Qop-qorong‘i yo‘lakdan telefonimning fonarini yoqib, vrachlar o‘tirgan xonani izladim. Ularni ovozidan topdim, chekkaroq xonada, sovuqdan dildirab o‘tirishgan ekan. Vaziyatni tushuntirdim. O‘tirganlardan biri shifokor, biri haydovchi edi. Onamning qayeri og‘riyotgani, keyin qaysi ko‘chada yashashimizni bilgach, og‘rinibgina o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi (axir shuncha yo‘lni shu sovuqda piyoda bosib o‘tish kimga ham yoqardi deysiz). Haydovchi ham bor edi-ku, deb hayratlanmang. Rostdan ham haydovchi bor-u, tez tibbiy yordam mashinasining o‘zi yo‘q edi-da. Aksiga olib, mendayam avtomobil yo‘q. Bemor yoniga tez tibbiy yordam xodimlari bilan qishda, loy ko‘chalardan piyoda borayotganimizni tasavvur qilish siz uchun qiyinroqdir. Lekin men buni boshimdan o‘tkazganman.
Darvoqe, bu uzoq o‘tmishdagi voqea emas, 4 yil avvalgi holat.
Bugun tez tibbiy yordam tizimidagi o‘zgarishlarni sezmagan kishi bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, yuqoridagi kabi tez yordamni chaqirish uchun chirog‘iyu telefoni bo‘lmagan tez yordam punktidan shifokorlarni piyoda olib borgan qahramonimiz kabi fuqarolar bu yangilikni his qilmay iloji yo‘q. Aytgancha, bu voqea qayerda sodir bo‘lgani haqida quyiroqda aytib o‘tamiz.
To‘rtta tumanda shoshilinch markazlar ish boshlaydi
- Keyingi uch yilda aynan tez tibbiy yordam tizimini isloh qilish uchun Prezidentimizning bir necha qarorlari e’lon qilindi, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali rahbari o‘rinbosari Tolib O‘sarov. – Ushbu qarorlar bilan tizimda katta islohotlar olib borildi. Tez tibbiy yordamning asosiy muammolaridan bo‘lgan avtomobillar soni keskin oshirildi.
Hozirgi kunda tez tibbiy yordam tizimida 316 ta transport vositasi mavjud bo‘lib, 220 ta umumtarmoq tibbiy brigadalar bor. Ushbu tizimda 1777 nafar shifokor, 2500 ga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatadi.
Tibbiy transportlar haqida bitta farqni aytib o‘tishni istardim. Birgina Bulung‘ur tumanida 2016 yilda 4 ta tibbiy brigada faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 15 tani tashkil qiladi. Urgut tumanidagi 17 ta tibbiy brigada bugungi kunga kelib, 42 taga yetdi. Har bir chaqiriqqa sarflanadigan mablag‘ bir necha yil avvalgisidan uch barobarga oshgan. Dori-darmon turi 44 taga yetgan.
2022 yildan boshlab viloyatdagi yana to‘rtta tumandagi shoshilinch qabul bo‘limlari negizida shoshilinch yordam ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi. Xususan, Urgut, Bulung‘ur, Paxtachi, Ishtixon tumanlarida tashkil etilayotgan ushbu markazlarga ayni paytda MSKT, raqamli rentgen, gemodializ kabi asboblar keltirilgan. Yaxshi bilasiz, shu paytga qadar viloyatning qaysi hududi bo‘lishidan qat’i nazar, shoshilinch yordamga muhtoj bemorlar viloyatda yagona bo‘lgan respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga kelishga majbur bo‘lar edilar. Tasavvur qiling, o‘nlab kilometr narida og‘ir ahvolga tushib qolgan bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatilishi lozim. Endilikda yuqorida nomlari keltirilgan tumanlarda ham shunday imkoniyat yaratildi, barcha jihozlar taxt, shifokorlar qayta tayyorlandi. Shu kunlarda ish boshlab qoladi.
To‘rt daqiqa...
- 2022 yilda Samarqand shahrida Call-markaz tashkil qilinib, dastlab faqat Samarqand shahridagi, endilikda viloyat miqyosida tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroqlar ushbu markaz orqali amalga oshirilmoqda, - deydi Samarqand shahridagi 2-son tez tibbiy yordam bo‘limi mudiri Nodira Isayeva. - Barcha tez tibbiy yordam bo‘limlari ushbu markazga ulangan bo‘lib, maxsus qurilmalar orqali o‘sha hududga eng yaqin bo‘lgan tez tibbiy yordam brigadasi yuboriladi. O‘z navbatida tez tibbiy yordamning chaqiruvga borish vaqti keskin qisqardi. Shoshilinch (ya’ni ekstrenniy) chaqiriqlar xalqaro qoidalarga ko‘ra, 4 daqiqadan kechikmasligi lozim. Ayni kunda viloyatda tez tibbiy yordam brigadalari soni ortgani tufayli bu normaga to‘liq amal qilinmoqda. Bugungi kunda markazga bir kunda o‘rtacha 4 minggacha chaqiriqlar bo‘lmoqda.
Shuningdek, Koreya bilan hamkorlikda Samarqand shahar tez tibbiy yordam bo‘limida simulyasion markaz ham tashkil qilinib, ayni kungacha mazkur markazda 64 nafar tez tibbiy yordam xodimi malaka oshirdi.
Tez tibbiy yordam bo‘limlari uchun eng so‘nggi zamonaviy asboblar bilan jihozlangan, reanimatsion holatdagi bemorlarga yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan 21 ta “Ford” avtomobillari xarid qilindi.
Barcha tez tibbiy yordam xodimlari planshet va ratsiya bilan ta’minlanib, og‘ir ahvoldagi bemorning holatini bilish, zarur bo‘lganda, mutaxassislar bilan maslahatlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
...”Yaqinda yana onamning toblari qochib, tez tibbiy yordamga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Ishonib, ishonmay “103” ni terdim. Zum o‘tmay, qo‘ng‘irog‘imga javob berishdi va 10 daqiqada yetib kelishdi”, deydi yuqorida bundan to‘rt yil avval tez tibbiy yordam xodimlari bilan piyoda uyiga kelgan, Payariq tumani Oqqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi qahramonimiz.
Shuning o‘ziyam tizimdagi o‘zgarishlardan dalolat beradi, nazarimda.
Gulruh MO‘MINOVA.