Tez tibbiy yordamda «Damas» rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov ma’lum qildi:

«2016 yilda atigi 800 ta «Tez yordam» shoxobchasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 1666 taga yetkazilgan. Tez tibbiy yordam brigadalari 2016 yilda jami 1648 tani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 2685 taga yetgan.

2016 yilda Toshkent shahri tez yordam tarmog‘ida bor-yo‘g‘i 4 ta reanimobil bor edi. Birgina o‘tgan 2020 yilning 4 oyi davomida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 160 dona «Ford» rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilindi.

Bugun esa respublikaning tez tibbiy yordam xizmatida 435 ta reanimobil mavjud. Asta-sekin tez tibbiy yordamda «Damas» rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda».