O‘tgan 6 oy davomida “Tez yordam”ga 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelgan. Samarqandda esa 17 ta ro‘yxatga olingan

Qayd etish lozim, maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan (330 ming so‘m) 3 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, "103" brigadalarining chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib borishi bilan belgilanadi. Ammo fuqarolardan ba’zan “Tez yordam” avtomashinalari bemor oldiga kechikib borgani haqidagi e’tirozlar bildiriladi. Bunga ayrim hollarda yolg‘on chaqiriqlar sabab bo‘ladi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurovning aytishicha, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida “103” xizmatiga jami 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.

Tahlillarga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Toshkent viloyatida kuzatilib, 325 tani tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Farg‘ona (284 ta) va Qashqadaryo viloyati (248 ta) qayd etilgan.
Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Samarqand viloyatida.

Darvoqe, 2022 yil davomida tez tibbiy yordamga eng kam yolg‘on chaqiriq Jizzax viloyatida qayd etilgan.