11 oyda "Tez yordam"ga 6 ming 300 dan ziyod yolg‘on chaqiriq kelib tushgan

Joriy yilning 1 yanvaridan 1 dekabriga qadar “Tez yordam” xizmatiga mamlakatimiz bo‘yicha jami 6301 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.

Bu o‘tgan yilning shu davriga qiyoslaganda qariyb 1800 ta kam ko‘rsatkich. Ammo yolg‘on chaqiriqlar haqiqiy bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishini inobatga olsak, uning bittasi ham davlat va xalq uchun katta ziyon keltirishiga shubha yo‘q.

Tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, eng ko‘p yolg‘on chaqiriqlar kelib tushgan hududlar ro‘yxati boshida 1317 ta ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati turibdi. Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egallagan – 942 ta yolg‘on chaqiriq.

Shuningdek, “Tez yordam”ga poytaxtimizdan 894 ta, Qashqadaryodan 874 ta hamda Navoiy viloyatidan 842 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.

Yana bir og‘riqli masala: oramizda “isitmam ko‘tarilmadimikan?”, “qon bosimimni o‘lchatay-chi”, “ukolimni qildirib olsammikan?” degan vajlar bilan ham “Tez yordam”ga murojaat qiluvchilar ko‘p.

Yolg‘on chaqiriqlar tez tibbiy yordam xodimlariga ikki barobar ko‘p tashvish keltiradi. Ya’ni qilingan murojaatning haqiqatan ham yolg‘on ekanligini isbotlash zarur. Buning uchun chaqiriqda ko‘rsatilgan manzilni aniqlash, kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat’i nazar surishtiruv o‘tkazish va shundan so‘ng uni hujjatlashtirish kerak.

Bu esa, tabiiyki, “Tez yordam” xizmatiga muhtoj bemorlarning kutib qolishi, hatto hayoti xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.