Kelgusi yil respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali (Xavasi) Qorasuvga ko‘chadi

Qorasuv massivida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining yangi binosi qad rostlamoqda. Bu haqda ayni paytda Samarqandda respublika va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlar uchun o‘tkazilayotgan press-turda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “Samtibloyiha” MChJ tomonidan qurilayotgan yangi bino 2022 yil mart oyida foydalanishga topshiriladi.

Mazkur bino 330 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, og‘ir ahvolda yotqiziladigan bemorlar uchun 45 o‘rinli alohida reanimatsiya bo‘limi mavjud. Mazkur tibbiyot muassasasini qurilish va jihozlash uchun 108 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

- Butunjahon taraqqiyot bankining shoshilinch yordam rivojlantirish loyihasi asosida 3 513 300 AQSh dollari ajratilgan, - dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov. - Mazkur mablag‘ga MSKT, angeograf, zamonaviy endoskoplari, UTT apparatlari, laporoskoplar, laboratoriya apparatlari va boshqa yangi texnologiya olib kelish rejalashtirilgan.