Tez tibbiy yordam sifati kuchaytiriladi
“Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida tashkil qilindi. Bu orqali tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Tez tibbiy yordam avtotransportlarida yoqilg‘i-moylash sarfi elektron dastur orqali nazorat qilinadi.
Qaror bilan tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida tez tibbiy yordam avtotransportlariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar o‘rnatiladi va brigadalar planshetlar bilan ta’minlanadi.
Tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron tizim Toshkent shahri tajribasi asosida 2023 yil 1 sentyabrgacha respublikaning boshqa hududlarida to‘liq joriy qilinadi.
Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Call-markaz”larda chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi.
Tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qat’i nazar bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigadani yo‘naltirish yo‘lga qo‘yiladi.