Havoning o‘zgarishi sabab “Tez yordam” xizmatiga chaqiriq oshdi
Kecha yurtimizda kuchli shamollar tufayli mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisalari kuzatilganidan xabaringiz bor. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshdi.
Bu holatning salomatligimizga qanday salbiy ta’siri bor? Undan kimlar va qanday himoyalanishi kerak?
Ushbu savollar yuzasidan Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Raziqova ma’lumot berdi.
- Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur. Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.
Chunki bunday havo tarkibida changlar bilan birga o‘simlik changchalari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.
Nim ta’sir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, ho‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish zarur.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Shuningdek, agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, bu bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda allergolog shifokorga murojaat qilishlari lozim.
Ma’lumot uchun: 3 noyabr kuni “Tez yordam” xizmatiga bo‘lgan jami chaqiriqlar soni 3433 tani tashkil etgan. Kecha, 4 noyabr kuni esa bu ko‘rsatkich 4082 taga yetdi. Shundan 678 tasi bevosita nafas siqishi bilan bog‘liq murojaatlardir. Ushbu bemorlarga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ma’lum qismi gospitalizatsiya qilingan.
Sinoptiklar bugun ham ayrim joylarda mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisa kuzatilishidan ogoh qilgan.