Samarqand shahrining Registon maydonida “Men boksni tanlayman” shiori ostida fleshmob o‘tkazildi

Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat boks federatsiyasi hamda viloyat yoshlar ittifoqi tashabbusi balan “Men boksni tanlayman” shiori ostida fleshmob tadbiri o‘tkazildi. Unda 500 nafar yosh samarqandlik bokschilar ko‘k va qizil rangli liboslarida ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etishdi.
Ularni 10 minga yaqin mahalliy aholi va 200 dan ortiq xorijiy sayyohlar maroq bilan tomosha qildi.
Yoshlar, havaskor sportchilar hamda ularning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir davomida yoshlarning sport faxriylari bilan uchrashuvi ham tashkil etildi.
Uchrashuv davomida faxriylar keyingi paytda hukumatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor hamda yaratilgan shart-sharoitlarni e’tirof etdi. Shuningdek, sportga qiziqtirish orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatanga bo‘lgan ishonchi va muhabbatini oshirish, sog‘lom, barkamol avlod bo‘lib yetishishida jismoniy tarbiyaning ahamiyati xususida fikr almashildi.
Tadbir doirasida viloyatmizning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi madaniy konsert dasturi barcha tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Fleshmob ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahror ShAMSIYeV.