Samarqand tajribasi: Maktablar OTMlarga biriktirilmoqda
Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Dilfuza Azizova hamda ittifoqning viloyat mas’ullari, shuningdek, jurnalistlar ishtirokida «2023 yil mobaynida tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda kelgusida yoshlar hayoti bilan bog‘liq amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim reja va loyihalar, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar xususida davra suhbati tashkil etildi. Erkin muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan anjumanda bir qator muhim mavzular muhokama qilindi.
- Viloyatimizdagi 13 ta oliy ta’lim muassasalaridagi 6 yo‘nalish bo‘yicha ish olib borayotgan boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bizning asosiy kuchimiz, - deydi kengash raisi Dilfuza Azizova. – Bugungi kunda ushbu koordinatorlarimiz 156 tani tashkil etadi. Ularning asosiy maqsadi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratish hamda yagona maqsad sari yetaklashdan iborat. Tizimdagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, yo‘nalish koordinatorlarining ish samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning noyabr oyida Samarqand tajribasini amaliyotga tadbiq etish maqsadida chora-tadbir rejasi ishlab chiqildi. Bunda har bir oliy ta’lim muassasasi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, koordinatorlariga kunlik ish rejalarini tuzib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talaba-yoshlarni qamrab olish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, maktab va tuman "Kamalak" va ittifoq sardorlarining ish samaradorligini oshirish va yangicha uslubda olib borish maqsadida «Uslubiy ko‘mak karvoni» loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida kengash a’zolari tomonidan har bir tumandagi direktorlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va maktab, tuman sardorlariga umumta’lim maktablarida o‘quvchi-yoshlar orasidan sardorlik qobiliyatiga ega o‘quvchilarni saralab olish orqali ularda o‘zini o‘zi boshqarish, tengdoshlarini yagona Vatan manfaatlari yo‘lidagi ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirish hamda boshqa zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘maklashish mavzularida seminar treninglar tashkil etildi. Shuningdek, «Tengdosh - tengdoshga ko‘makchi» loyihasi amalga oshirilib, bunda viloyatdagi OTMlarda faoliyat olib borayotgan yo‘nalish koordinatorlari hududdagi boshqa oliy ta’lim muassasasidagi tengdoshlari bilan o‘zaro tajriba almashib kelmokdalar.
Tadbir yakunida kengash a’zolari tomonidan ishtirokchilarning taklif va mulohazalari o‘rganilib, yangi loyihalar haqida fikr yuritildi.
Jasurbek ShUKUROV.