Samarqand tumanida 700 gektar intensiv bog‘ barpo etiladi

Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, saqlash va eksport hajmini oshirish uchun nima ishlar qilinishi kerak? Bugun jahon bozorida qanday mahsulotlarga talab ortmoqda? Aholi daromadini oshirish borasida bajarilayotgan ishlar samara berayaptimi?

Samarqand tumanining Qo‘shtamg‘ali mahallasida o‘tkazilgan seminarda ana shu masalalar muhokama qilindi.

Unda dehqon va fermer xo‘jaligi raislari, MMTP rahbarlari va sohaga aloqador korxona-tashkilot mutaxassislari ishtirok etdi.

- Tumanda 1250 gektar intensiv bog‘ mavjud, - dedi tuman hokimi N.Mavlonov. - Shuningdek, shpaller usulida 1100 gektar tokzor qilingan. Bugungi kunga qadar mazkur bog‘larda 6171,5 tonna olma, 1707,5 tonna uzum va boshqa meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirildi. Ammo bu raqamlarni ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Afsuski, g‘alladan qisqargan va bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalana olmayapmiz. Qishloq xo‘jaligi sohasini, jumladan, mevachilikni jadal rivojlantirish, hosildorligini oshirish, muhimi, mahsulot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish lozim.

Shuning uchun tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l yoqasidagi fermer xo‘jaliklari va ularga tutash eski bog‘, tokzorlarning o‘rniga zamonaviy texnologiyalar asosida 700 gektar intensiv bog‘lar yaratish ko‘zda tutilmoqda. Bu borada aniq loyihalar ham ishlab chiqilgan. Har bir konturni soha mutaxassislari bilan o‘rgangan holda olma yoki sabzavot mahsulotlari ekish rejalashtirilgan. Pirovardida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yetishtirilgan mahsulotlarni eksport qilish, aholi daromadini oshirishga erishiladi.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, taklif va tavsiyalar bildirdi.