Samarqand tumanida dastxatli kitoblar kutubxonasi tashkil etiladi

Samarqand tumanida yashovchi Rustamjon Ahrorqulov 2019 yilda Xo‘ja Ahror Valiy mahallasida “Yosh kitobxon maskani”ni tashkil etgan edi. Bu mo‘’jazgina majmuada kutubxona, matbaa va kitob savdosi xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, bu ziyo maskanida kitobxonlik kechalari, mushoiralar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib turiladi.

- Esimni taniganimdan beri dadam menga tug‘ilgan kunim va bayramlarda kitob sovg‘a qiladi, - deydi R.Ahrorqulov. – Ahamiyatlisi, o‘sha kitoblarning aksariyatiga mualliflarning dastxati qo‘yilgan. Bu esa kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishimni yanada oshishiga sabab bo‘lgan. 2019 yilda viloyat hokimining yoshlar bilan uchrashuvida tumanimizda “Yosh kitobxon maskani”ni tashkil etish istagim borligini bildirdim va bu taklif ma’qullanib, sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi. Bugungi kunda 3 nafar tengdoshimning bandligini ta’minlaganman. Kelgusida faoliyatimni kengaytirish rejalarim bor. Ya’ni, “Dastxatli kitoblar kutubxonasi” loyihasini amalga oshirmoqchiman. Zero, yosh kitobxonlar uchun taniqli shaxslar, muallif tilaklari bitilgan kitoblarning qadri baland bo‘ladi.

To‘lqin Siddiqov.