Samarqand tumanida fuqarolar tomonidan 8 ta transformator, 200 dona beton ustunlar o‘rnatilgan
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan navbatdagi press-tur Samarqand tumani elektr tarmoklari korxonasiga tashkil etildi.
Bugungi kunda ishlab chiqarish korxonalari ko‘pligi jihatidan Urgut tumanidan so‘ng turadigan mazkur tuman elektr tarmoqlari korxonasi 61 821 nafar aholi, 3 278 ta ulgurji iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib beradi. 74 ta mahalla 19 ta podstansiyaga ulangan bo‘lib, ularning 6 tasi iste’molchilar hisobida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda rejadagi 46,2 kilometr o‘rniga 32,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari yangilandi, 1200 dona temir-beton ustunlari o‘rnatildi, - deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Asad Shukurov. - Turli qaror va dasturlar asosida Arabxona, Qumzor, Oqmachit, Mirishkor, Pulimug‘ob mahallalarida 20 dan ziyod turli kuchlanishdagi transformator punktlari, -- kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 970 dona beton ustunlar o‘rnatildi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan esa O‘rtashiq mahallasida 33 dona, Talibarzu mahallasida 176 dona temir-beton ustunlar va 2 ta transformator o‘rnatilib, 4000 metr SIP-2 yopiq kabellari tortildi.
Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan bir qator mahallalarda elektr energiyasini yaxshilash maqsadida 6 ta 160/10 kVA transformator punkti o‘rnatildi. Tuman byudjeti hisobidan esa 2 ta transformator punkti, 3,5 kilometr SIP-2 hamda 120 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi. Fuqarolar tomonidan 8 ta transformator, 200 dona beton ustunlar o‘rnatilib, 10 kilometr masofaga yangi elektr uzatish tarmoqlari qurildi.
Jurnalist va blogerlar tuman hududida joylashgan Shreder nimstansiyasiga qo‘shimcha o‘rnatilgan 6300 kVAlik stansiyaning foydalanishga topshirilishiga guvoh bo‘lishdi.
- Shu paytgacha mazkur 16000 kVAlik nimstansiya asosan gazlashmagan mahallalarga xizmat qilib kelardi, - deydi A.Shukurov. – Biroq quvvati yetishmaganligi sababli aholi ishimizdan norozi bo‘lardi. Bugun stansiyaga qo‘shimcha 6300 kVAlik stansiyani o‘rnatdik. Endi nafaqat tumanimiz, balki, qo‘shni Toyloq va Urgut tumanlarida joylashgan 20 dan ziyod mahallalarda yashovchi 15 mingdan ziyod aholi, 1200 dan ziyod yuridik iste’molchilarning elektr ta’minotidagi uzilishlarga chek qo‘yiladigan bo‘ldi.
Biroq, korxonaning dibetor qarzlari 74 milliard so‘mdan oshadi. Xususan, aholining 54 milliard so‘mdan ziyod qarzi bor. Hozirgacha, 20 milliard so‘m qarzi bo‘lgan yuridik tashkilotlardan 6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ undirib olindi. Elektr energiyadan noqonuniy foydalanib kelayotgan 156 nafar aholi iste’molchidan sud orqali jarimalar undirilayotgan bo‘lsa, 200 nafardan ziyod qonunbuzarlar ustidan esa hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Korxona ishchilari yil yakunigacha, yana 14,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 14 ta qo‘shimcha transformator punktlari o‘rnatishni rejalashtirishgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.