Samarqand tumanida xonadonlarga yangi turdagi isitkich o‘rnatib chiqish uchun 7 ta chilangarlar guruhi ishlamoqda: Bu pechlar nimasi bilan muhim?
Ma’lumotga ko‘ra, tajriba o‘tkazish jarayonida mazkur pechlar aholi xonadonlarida 23 foiz, hududdagi 6-umumta’lim maktabga o‘rnatilgan pechlar esa 40 foiz tabiiy gazni iqtisod qilishi aniqlangan. Suyultirilgan gazda esa bu pechga ulangan bitta maishiy gaz balloni bilan 4 xonali uylarni 24 kun davomida isitish mumkinligi aytilmoqda.
Oldinroq viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand shahri va tumanidagi bir qator mahallalarda aholi xonadonlari sharoiti bilan tanishish chog‘ida “Hududgaz Samarqand” AJ viloyat filiali tomonidan ham elektr quvvatiga, ham maishiy gaz ballonlariga moslashtirilgan arzon modulli pechlarning taqdimoti tashkil etilgan edi. O‘shanda viloyat hokimi Samarqand tumanidagi Buxori mahallasidagi xonadonlarga tajriba tariqasida tejamkor modulli pechlarni o‘rnatish taklifini bergandi.
Bugungi kunda Buxori mahallasida 635 ta xonadon bo‘lib, bir hafta ichida 478 ta iste’molchiga 5 turdagi tejamkor pechlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Bir kunda 7 ta chilangarlar brigadasi tomonidan 60 tagacha xonadonga modulli pechlar qo‘yilmoqda.
- Dastlab 19 ta xonadonga modulli pechlar o‘rnatib sinovdan o‘tkazdik,- deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti Samarqand tuman filiali boshlig‘i Suhrob Boboyev. – Tajriba o‘tkazish jarayonida aholi xonadonlarida 23 foiz, hududdagi 6-umumta’lim maktabga o‘rnatilgan pechlar esa 40 foiz tabiiy gazni iqtisod qilishi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ikki konturli pechlarning narxlari 45 - 75 ming so‘mgacha bo‘lishi ham aholi uchun ancha hamyonbopligi bilan ahamiyatli.
Mahalladagi ijtimoiy soha ob’yektlariga jumladan, maktab, bolalar bog‘chalari, QVPlarga ham talabga qarab 3 yoki 4 konturli pechlar o‘rnatildi.
- Modulli pechga ulangan bitta maishiy gaz balloni bilan 4 xonali uylarni 24 kun davomida isitish mumkin, -deydi “Hududgaz Samarqand” AJ viloyat filiali bo‘lim boshlig‘i Zafar Samandarov. – Kam gaz sarflaydigan mazkur pechlar ommalashtirilsa, ham uylar yaxshi isiydi, ham to‘lovi arzon bo‘ladi. Eng muhimi inson hayoti uchun xavfsiz bo‘ladi.
Shu vaqtgacha mazkur pechlar Xitoy va Eron davlatlaridan keltirilgan bo‘lsa, hozirda ular Toshkent shahri va Urgut tumanidagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan tayyorlanib, bozorlarga yetkazib berilmoqda.
- Modulli pechkani maqtaganlaricha ham bor ekan, -deydi Tadbirkorlar ko‘chasi 40 uyda yashovchi Nosir G‘afurov. – Yonganida hidi chiqmaydi. Ikkitasi yordamida 10 ga yaqin xonalarni isitish mumkin. Oshxona va hammomlarni ham bir me’yorda isitadi. Shu paytgacha 2 haftaga 100 ming so‘m to‘lagan bo‘lsam, hozirda, uning yarmini to‘layapman.
Darhaqiqat, “Hududgaz Samarqand” AJ viloyat filiali mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, modulli pechlardan foydalanganda bir oyga 350 kubometr tabiiy gaz o‘rniga 250 kubometr sarflanar ekan. Bu esa nafaqat xonadoningizni issiq tutadi, balki cho‘ntagingizga yengillik bo‘ladi deganidir.
Dilmurod To‘xtayev.
B.Mustanov olgan suratlar.