Samarqand turizm va madaniy meros texnikumida dual ta’lim
Samarqand turizm va madaniy meros texnikumida O‘zbekiston Germaniya haftalik doirasida dual ta’lim mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili, “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sektorlari uchun kasbiy ta’lim” (PECA) loyihasi katta maslahatchisi Tomas Lyuks, shahardagi ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari qatnashdi.
Samarqand turizm va madaniy meros texnikumining Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sektori uchun kasbiy ta’lim” (RECA) loyihasi bilan hamkorligi 2021 yilda boshlangan. Shu davrda mahalliy ekspertlar ko‘magida non, qandolat va makaron mahsulotlari ishlab chiqarish mutaxassisligi bo‘yicha “Oziq-ovqat sanoati texnologi” dual ta’lim dasturi ishlab chiqilib, o‘quv-amaliy binolar jihozlangan.
- Bugun texnikumda kunduzgi va sirtqi ta’lim bilan birga dual ta’lim ham joriy etilgan, - dedi texnikum direktori Roziq Fayziyev. – Dual ta’limda o‘qiydigan talabalar haftaning 4 kuni shartnoma imzolangan korxonada ish o‘rgansa, qolgan 2 kun texnikumda nazariy bilim oladi. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi boshqa kasb-hunar ta’lim muassasalari bilan bilim va tajriba almashdik. Shu tariqa hamkorlik to‘g‘risida bir qancha memorandumlar imzoladik va texnikum o‘qituvchilari va talabalari uchun Qozog‘iston Respublikasi bilan akademik mobil almashuvlarni amalga oshirdik.
Tadbirda mehmonlar texnikumda kasb-hunar o‘rgatish maqsadida jihozlangan o‘quv-amaliyot xonalari bilan tanishdi. Haqiqatda qandolatchilik, mehmonxona ishi, restoran ishi, sartaroshlik, restavratorlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-amaliyot xonalari zarur asbob-uskunalar bilan zamonaviy jihozlangan. Ikki yillik ta’lim jarayonida talabalar amaliyot bilan nazariyani birgalikda olib boradi.