Samarqand turizm xabiga aylanadi
Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov bu haqda gapirib o‘tdi:
- Aslida, hududimiz qadimiy tarixi va me’moriy yodgorliklari tufayli dunyo tan olgan haqiqiy muzey shahar, - dedi B.Obloqulov.
- Xususan, bugungi kunda 14 ta arxeologiya, 417 ta me’moriy, 36 ta monumental va 23 ta diqqatga sazovor joylar, madaniy meros ob’yektlari bor. Bu takrorlanmas ob’yektlar bilan sayyohlarni tanishtirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ziyorat turizmini jonlantirish, umuman, ko‘hna kentning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Misol uchun, 2021-2022 yillarda 100 ta oilaviy mehmon uylari, 30 dan ortiq turoperatorlik faoliyati, 120 ta gid-ekskursiya yetakchilarini tayyorlash, 33 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 5 ta turistik sinfdagi avtobus, 15 ta mikroavtobus, 6 ta elektromobillar xarid qilish, 3 ta turistik axborot markazlari, 32 ta Wi-Fi hududlari tashkil etish, 22 ta zamonaviy yo‘l ko‘rsatkich belgilari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari turizm ko‘chasiga aylantiriladi. Mavjud 9 ta halol standartidagi ovqatlanish shoxobchalari soni yil yakuniga qadar 15 taga yetkaziladi. Mazkur yo‘nalishda 30 ga yaqin mehmonxonalar ishga tushiriladi. Shuningdek, ziyorat turizmiga moslashtirilgan 15 ta mehmonxona sonini 24 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Umuman, turizm sohasini rivojlantirish uchun 2021-2022 yillarda qiymati 1,2 trillion so‘mlik 44 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2021-2022 yillarda 127,6 milliard so‘mlik ichki va ziyorat turizmi ob’yektlari hamda yondosh infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqilgan.
Albatta, faqat sharoit yaratish emas, tashrif buyuruvchilar uchun yangi imkoniyatlar ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, shaharda ilk marotaba yoshlar sayyohlik festivali va sport sayyohligi yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Yil yakuniga qadar “Ramazon festivali”, “II Xalqaro gastronomik festival”, “Silk Road Bazaar”, “Silk Road Congress”, “Ethnic Dance Championship”, “Sogdian Wine Festival” kabi yirik tadbirlar va o‘ndan ortiq madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.