Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga aylantirildi
Avvalroq “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori e’lon qilingani haqda xabar berilgandi. Mazkur qarorga ko‘ra, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga aylantirildi.
Mazkur universitetda veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, Prezident qarorida quyidagilar universitetning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:
- veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;
- zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish;
- o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv-tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
- ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
- yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
- o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
- sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlarini Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga biriktirgan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;
- Universitetning yuqori bosqich talabalari hamda ilmiy izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish;
- tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.