Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning viloyat tadbirkorlariga MUROJAATI

Aziz yurtdoshlar!

Hurmatli tadbirkorlar!

“Milliy tiklanishdan milliy yuksalish” sari odimlayotgan mamlakatimizda xalqimizning yashash sharoitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yurtimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, maqsadlari yuksak fuqarolarimizning ishbilarmonlik va tadbirkorlik qilishlari uchun barcha huquqiy asos va sharoitlar yaratildi.

Tadbirkorlik – innovatsion va zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etiladigan iqtisodiy yo‘nalish sifatida taraqqiyot omiliga aylanib bormoqda.

Bugun jamoatchilik va xalqimiz tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishdan tortib, bunyodkorlikkacha, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishdan tortib bog‘-rog‘lar bunyod etishgacha, turli xizmatlardan tortib turizmni rivojlantirishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni kuzatib turibdi.

“Faol tadbirkor” deganda, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan fidoyi insonlar qatlami tushuniladi.

Viloyatimizda ham soha rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli yosh, iqtidorli va tajribali ishbilarmon tadbirkorlarimiz barcha sohalarda jahon standartlariga to‘liq javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarib, ularni “O‘zbekiston brendi” ostida dunyo bozorlariga eksport qilmoqdalar.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar jamiyatimizning yetakchi kuchiga aylanib bormoqda.

Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida  2019 yil 7 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin”, degan fikr ilgari surildi va bu fikrni barchamiz birdek anglab olishimiz kerak.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Bunday shart-sharoit va imtiyozlarga ega bo‘lgan himmati baland va shijoatli tadbirkorlarimiz “Men samarqandlikman” degan nomga munosib bo‘lish ishtiyoqida faoliyat yuritib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqdalar. Bunday tadbirli kishilarga “Balli Sizga, jonkuyar va jonfido tadbirkorlar, iqtisodiy yuksalishimiz va farovonligimiz lokomotivlari!” desak arziydi.

Qadrli tadbirkorlar!

Muhtaram Prezidentimiz sizlarning hech qanday to‘siqlarsiz, samarali faoliyat yuritishingiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib qo‘ydilar. Avvalo, joylarda Bosh vazir qabulxonalarining tashkil etilgani, ushbu imkoniyat natijasida Siz, tadbirkorlarning har bir muammongiz ijobiy yechim topayotganini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, Bosh vazir qabulxonalariga joriy yilning 10 oyi davomida 2480 nafar tadbirkorlik sub’yekti murojaat qilgan bo‘lib, ularning 2307 tasining muammosi ijobiy hal etildi. Ushbu murojaatlarning 955 tasi kredit, 464 tasi yer ajratish masalalarida bo‘lgan. Bu esa ushbu sohalarda hali talaygina muammolarimiz borligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, bugungi kunga qadar 44 marotoba tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha har haftaning dushanba kuni “Dushanba – tadbirkorlar kuni” o‘tkazildi.

Mazkur qabullarda 1461 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan turli darajadagi muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularning 1048 tasi (72 foizi) ijobiy hal etildi, 301 tasi (21 foizi)ga tushuntirish, 112 tasi (7 foiz)ga rad  javoblari berildi.

“Tadbirkorlarni qiynayotgan ikkita muhim masala bor. Bu - ularga yer ajratish va kredit berishdir.

Bundan buyon haqiqiy tadbirkor bo‘lish istagida yurganlarga yer ajratish ochiq-oshkora ravishda, barcha uchun teng sharoitlar yaratgan holda, elektron auksion orqali amalga oshiriladi.

Kredit berish tizimi ham soddalashtirilib (viloyat, respublika banklari vakolatlarini tumandagi banklarga berish orqali), ortiqcha qog‘ozbozlik va sarsongarchiliklarga barham beriladi”.

Aziz ishbilarmonlar!

Bugungi kunda viloyatimizda 26 600 ta kichik biznes sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Ularning soni joriy yilda 8500 taga ko‘payishi kutilmoqda. Oilaviy tadbirkorlik keng tus olmoqda. Yil davomida xorijiy investitsiya ishtirokida 144 ta yangi korxonalar ishga tushirilib, ularning soni 500 tadan oshdi.

Ayni kunda yangi, klaster tizimi iqtisodiyotimizga izchil kirib kelyapti. Jumladan, viloyatimizda paxtachilik tarmog‘ida 8 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu klasterlarda nafaqat g‘o‘zani yetishtirish, balki paxtani yig‘ishtirib olish va qayta ishlash, ip-kalava, tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Eng muhimi, klasterlar tomonidan xorijdan 1500 dan ortiq zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari xarid qilindi. Bundan tashqari, viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan 22 ta agroklaster faoliyat yuritmoqda. Ularda yil davomida 106.0 ming tonna mahsulotni qayta ishlash, 7 ming tonna mahsulotni quritish, 28.0 ming tonna mahsulotni saralash hamda 16 ming tonna mahsulotni saqlash imkoniyati mavjud.

2020 yilda klaster tizimi yanada keng rivojlanib, g‘allachilik yo‘nalishida 19 ta klaster korxonalari tashkil etiladi.

Hududiy dasturlar doirasida 2019 yilning yakuni bilan 6 trillion so‘mlik 801 ta loyiha amalga oshirilishi va 16 094 ta ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi. Buning natijasida qo‘shimcha 25 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 200 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.

Masalan, Samarqand shahridagi “Aziya metall Prof” mas’uliyati cheklangan jamiyatida metalni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Xitoy davlatidan 17,0 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi.

“Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qiymati 205,3 milliard so‘mlik, quvvati 20 ming tonnalik muzlatkichli omborxona tashkil etildi va 100 dan ziyod ish o‘rinlari yaratildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturlarida asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, uzumchilik, chorvachilik sohalarida 1,2 trillion so‘mlik 400 ga yaqin loyiha amalga oshirildi.

2019 yilning o‘tgan davri mobaynida Samarqand tadbirkorlari hamda Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Tailand, Hindiston, Rossiya, Quvayt, Vengriya davlatlari korxonalari ishtirokida 12 marotaba biznes forumlar va V2V uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur forumlar doirasida 15 dan ziyod kelishuvlar asosida umumiy qiymati 334 million dollar miqdorida investitsiya loyihalari imzolandi.

2019 yilning 10 oy davomida viloyatimizning 425 ta eksportyor korxonalari tomonidan jami 242,0 million dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshdi. Ushbu davrda 75 ta yangi korxona eksportga jalb qilinib, ular tomonidan 35 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Shu bilan birga 12 turdagi yangi mahsulot eksportga yo‘naltirilib, eksport hududi 5 ta yangi davlatga kengaytirildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2019 yil uchinchi chorak yakuni bilan 152,4 milliard so‘mlik 28 turdagi mahsulot ishlab chiqarildi. Bu mahsulotlarni sotish hajmi 153,8 milliard so‘mni tashkil etib, 3,4 million dollarlik mahsulot eksportga chiqarildi. Iqtisod qilingan valyuta miqdori 16,6 million AQSh dollarni tashkil etdi.

Mahalliylashtirish yangi dasturlari ustida ishlar olib borilmoqda, 2020 yilda 255,8 milliard so‘mlik va 2021 yil 287,1 milliard so‘mlik mahaliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar taqdim etildi. Bu ko‘rsatgich 2019 yil yakuni bilan kutilayotgan prognoz ko‘rsatkichidan (190,1 milliard so‘m) 2020 yilda 34,6 foizga, 2021 yilda 51 foizga oshirilishi belgilangan.

Banklarimiz tomonidan tadbirkorlarga jami 5,7 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi, ayniqsa kichik biznes sub’yektlari loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Har bir oila - tadbirkor”,  “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi”, “Hunarmandchilikni rivojlantirish jamg‘armasi”, “Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida 473,0 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Azmi qat’iy va shijoatkor tadbirkorlar!

Bundan buyon tadbirkorlikka ko‘mak beruvchi mas’ul idoralar, 4 ta sektor rahbarlari “Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!” mezoni asosida ish faoliyatimizni tashkil etamiz. Bunda har bir idoraning kun tartibidagi ustuvor vazifasi – tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini hal qilishdan iborat bo‘ladi.

“Endilikda tadbirkorlar jamiyatda eng asosiy yetakchi kuchga aylanib, barcha mahalliy davlat idoralar faoliyatiga baho berish hamda ularning faoliyati, eng avvalo, tadbirkorlarning manfaatlariga xizmat qilishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadilar”.

Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan Samarqand salohiyati va ixtisoslashuvidan kelib chiqib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, sanoat va turizmni rivojlantirish yo‘lida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Tadbirkorlarimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha taqdim etilgan 506 million dollarlik 320 ta loyihani amalga oshirish, 100 million dollar investitsiya kiritish hisobiga turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, 270 ta 800 million dollarlik sanoat dasturlarini amalga oshirishda har bir loyiha shaxsiy nazoratimizda bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqarishdan, to uni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonda bevosita ko‘mak berish birinchi galdagi vazifamizdir.

Shu bilan birga, o‘tgan yillarda minglab yoshlar o‘z biznesini boshlab tadbirkor bo‘lib yetishdi, endi boshlayotganlar ham bor. Biz ularni e’tiborsiz qoldirmaymiz. Ularning biznes-loyihalarini ishlab chiqishdan tortib, ishini yo‘lga qo‘yguncha ko‘mak beramiz.

Bir narsani chuqur anglashimiz kerak: Sizning loyihangiz – viloyatimizning kelajagi va aholimiz farovonligining kafolatidir.  

Viloyatdagi 4 ta sektor rahbarlari, barcha bo‘g‘indagi boshqaruv va nazorat organlari tadbirkorlikning rivojlanishiga xalaqit qilayotgan  to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish hamda har bir hududda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning kafolatlarini ta’minlaydi.

Bunda:

tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish, endilikda davlat organlari bilan munosabatlar tekshirish emas, balki Sizlarga faqat va faqat yordamlashish nuqtai nazaridan qaraymiz;

har bir tadbirkorning mulki daxlsiz, hech bir tadbirkordan turli sabablarni vaj qilib, uning mulki tortib olinmasligi yoki buzilmasligi kafolatlanadi hamda tadbirkorlar mol-mulki daxlsizligi ta’minlanadi;

tadbirkorlar ishtirokida turli majlisbozlikka chek qo‘yiladi, mahalliy hokimlik idoralari vazifalarini tadbirkorlarga yuklash va ularni homiylikka majburlash amaliyotiga butunlay barham beriladi.

Tadbirkorlik faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan davlat idoralarining barcha xodimlari bilib olsin - byurokratiya, tadbirkorlarimizga to‘siq bo‘lib ularning qimmatli vaqtini olib sansolarlikka yo‘l qo‘yganlarga keskin choralar ko‘riladi.

Agarda sizning faoliyatingizga noqonuniy aralashuvlarga yo‘l qo‘yilsa yoxud qaysidir jabhada Sizlarga ko‘mak zarur bo‘lsa mening doimiy ishlovchi telegram messenjerimga (97 405-40-06), facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifam, viloyat hokimligida tashkil etilgan 24 soat ishlovchi (1177) ishonch telefonlari orqali yoxud savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida haftaning dushanba kuni “Tadbirkorlar qabuli”ga, haftaning chorshanba kuni “Investorlar kuni” munosabati bilan o‘tkaziladigan qabullarimga kelib, shaxsan murojaat qilishingiz mumkin. Biz albatta, Sizning muammongizni qisqa muddatlarda hal etish hamda amaliy yordam berish choralarini ko‘ramiz.

Hurmatli tadbirkorlar!

Sizlar bugun nafaqat ishlab chiqaruvchi, yaratuvchi, biznes olami, balki jamoatchilikning faol vakilisiz. Siz xalq bilan birga, xalq dardi va quvonchi bilan yashaysiz. Shu bois tadbirkor bilan yanada jipslashib ishlash, ularning dardi-holini eshitish, muammolariga tezda yechim topish asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.