Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida birinchi marta suyak iligi ko‘chirib o‘tkazildi
Suyak iligi ko‘chirib o‘tqazish qon tizimi xastaliklari, tug‘ma va orttirilgan immun tanqisligi, asab tizimining autoimmun xastaliklari, shuningdek, bolalar va kattalarda xavfli o‘sma kasalliklarini davolashda samarali va murakkab usul hisoblanadi. Shu paytgacha mazkur jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan samarqandlik bemorlar poytaxt yoki xorijga borishga majbur bo‘lar edi. Yaqinda samarqandlik shifokorlar bu jarrohlik amaliyotini o‘zimizda bajarishdi.
Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ushbu amaliyot bajarilgunga qadar puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Zarur jihozlar keltirildi, shifokorlar xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashdi, bir qator xuddi shunday amaliyotlarda ishtirok etishdi.
- Markazda o‘n milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan immunogenetika, molekulyar va sitogenetik laboratoriyalar tashkil etildi, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Lutfulla Mahmanov. - Mazkur laboratoriyaning tashkil etilishi murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari bajarish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Shundan so‘ng onkologik gemopoetik o‘zak hujayrasi transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Markazimiz va poytaxtlik shifokorlar hamkorligida ilk marta o‘tkazilgan ushbu operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Bunda davlat xarajatlari ijtimoiy sug‘urta orqali to‘lab berilgani tufayli bemor bu amaliyot uchun mablag‘ sarflamadi.
- Keyingi yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida ayniqsa saraton xastaligini davolashda muhim yangiliklar ro‘y berayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, - deydi operatsiyada hamkorlik qilgan Anqara onkologiya ta’lim va tadqiqot shifoxonasi professori Feyzi Altuntash. – Ayniqsa, Kimyoterapiya, nurterapiya, dori-darmonlar bilan davolash samarali yo‘lga qo‘yilayapti. Shu paytgacha Toshkentda ilik ko‘chirish operatsiyasi amalga oshirilar edi, endilikda bu jarrohlikning Samarqandda ham o‘tkazilishi boshqa hududlarda ham tibbiyot ancha oldinga qadam tashlayotganini anglatadi. Bu masalada Toshkent va Samarqand shifoxonalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz.
Ayni paytda bemorning ahvoli yaxshi, u davolash muolajalarini davom ettirmoqda.
Gulruh Mo‘minova.