Samarqand viloyat nogironlarni reablitatsiya qilish markazida yangi bo‘lim tashkil etildi

Bugungi kungacha bo‘limda 200 nafarga yaqin nuroniylar salomatligini tikladi. Ular uchun 10 ta xona ajratilgan bo‘lib bemorlarning muolaja olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Alohida oshxona va hammom ham ishlab turibdi. Navbatchi va davolovchi vrachlar har bir bemor bilan alohida reja asosida davolash muolajalarini olib boradi. Davolash ishlari palataning o‘zida amalga oshiriladi. Fizioterapiya muolajalari va massaj nogironligi bo‘lgan kishilar uchun foyda berayotganligini bu yerda davolanayotgan  har bir bemordan eshitasiz.

  -  O‘zim asli samarqandlik bo‘lsamda taqdir taqozosi bilan o‘n yildirki, xorijda oilam bilan yashayapman - deydi shu bo‘limda davolanayotgan Baxtiyor Fayziyev. – Har yili bir-ikki oyga ona shahrimga kelib-ketaman. Shifokorlarning samimiyligi, shirinsuxanligi menga judayam ma’qul keldi. Bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar xorijdagidan qolishmasligini ko‘rib xursand bo‘ldim.

- Bizda asosan 60 yoshdan oshgan nuroniylar davolanishadi, - deydi bo‘lim mudiri  Nilufar Jabborova. - Yosh ulg‘ayavergach, tananing turli xastaliklarga chalinish xavfi oshib boradi. Ayniqsa, umumiy ateroskleroz, qon bosimi, yurak-qon tomir, qandli diabet kabi kasalliklar inson umrining ikkinchi yarmida paydo bo‘ladi. Keksalik  yoshga nisbatan o‘zgarib boruvchi jarayon bo‘lib, alohida parvarishni talab qiladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.