Samarqand viloyati Kengashining beshinchi sessiyasi 26 dekabr kuni o‘tkaziladi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Sh.Negmatov bugun, 23 dekabrda qabul qilgan “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi yettinchi chaqiriq, beshinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi farmoyishida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashining beshinchi sessiyasi 2024 yil 26 dekabr kuni o‘tkazilishi belgilandi.

Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritildi:

- Samarqand viloyatining 2025 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida;

- viloyatdagi boshqarma va tashkilotlarda “Davlat tili haqida”gi qonun va shu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi bajarilishi yuzasidan viloyat hokimining maslahatchisi Sh.Temirovning axboroti;

- Samarqand viloyatida 2025 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida;

- dala cheti va kanal-kollektor atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar urug‘larini ekish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi PF-81-sonli Farmonining 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Samarqand shahrining ekologik “master-reja”sini tasdiqlash haqida;

- viloyat hokimining ayrim qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risida.