Samarqand viloyatida milliy sertifikat uchun test sinovlari yakunlandi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 646-son qarori bilan umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilgan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2021 yil 27 apreldan 15 mayga qadar ona tili va adabiyot hamda matematika, 17 maydan 30 mayga qadar esa kimyo va biologiya fanlaridan milliy sertifikatlash tizimi uchun talabgorlar onlayn ro‘yxatga olindi.

Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar uchun 2021 yil 9 iyun kuni kimyo va matematika fanidan, 10 iyun kuni esa biologiya, ona tili va adabiyot (rus tili va adabiyoti) fanlaridan milliy sertifikat uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Test sinovlari Samarqand davlat chet tillar instituti binosida o‘tkazildi.

Talabgorlarga test topshiriqlarini ishlash va javoblar varaqalarini bo‘yash bilan birga biologiya fanidan 120 (2 soat) daqiqa, boshqa fanlardan esa 180 (3 soat) daqiqa vaqt ajratildi.

Test sinovlari adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida jarayonlar to‘liq videokuzatuv kameralariga yozib olindi.

Eslatib o‘tamiz, test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi.