Samarqand viloyatining 2023 yilgi mahalliy byudjeti tasdiqlandi
Samarqand viloyatining 2023 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining QARORI
Byudjet kodeksining 99-moddasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosarining 2022 yil 22 dekabrdagi (1061/01-30-sonli) bildirgisi, viloyat moliya bosh boshqarmasining 2022 yil 20 dekabrdagi (01/01-38/946-sonli) xulosalarini inobatga olib, xalq deputatlari viloyat Kengashi oltinchi chaqiriq yetmish to‘qqizinchi sessiyasi QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasining “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijro uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasining “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida” Qonuniga (keyingi o‘rinlarda -Qonun deb ataladi) muvofiq, Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2023 yil uchun daromadlari 4 958,8 mlrd. so‘m, xarajatlari 7 155,0 mlrd. so‘m prognoz qilinganligi hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 2 196,2 mlrd. so‘m miqdorida tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
2023 yil uchun Samarqand viloyatini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi 1-ilovaga muvofiq;
2023 yil uchun viloyat mahalliy byudjeti daromadlari prognozi 2-ilovaga muvofiq;
2023 yil uchun viloyatning viloyat byudjetidan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq;
2023 yil uchun tumanlar va shaharlar byudjetlariga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga muvofiq;
Bunda, ajratmalar normativlari bo‘yicha viloyat mahalliy byudjeti bilan tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining taqsimotini o‘rnatilgan tartibda Samarqand viloyati bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
2023 uchun shahar va tumanlar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlarining prognozi 5-ilovaga muvofiq;
2023 yil uchun viloyat byudjetidan tuman va shahar mahalliy byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorini tuman va shahar mahalliy byudjetlari daromadlari prognozi ijrosidan qat’iy nazar kamaytirishga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda belgilab qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. 2023 yil uchun viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasi hajmlari 22,7 mlrd. so‘m miqdorida belgilansin.
5. Tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2023 yil uchun zaxira jamg‘armalari tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar byudjetlari jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish mablag‘lari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantirilsin.
Viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasidan mablag‘lar ajratilgan taqdirda ushbu qarorga o‘zgartirishlar kiritilmaydi.
6. 2023 yil uchun viloyatning viloyat byudjeti shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 13 275,0 mln. so‘mni hamda tumanlar va shaharlar byudjetlari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 7-ilovaga muvofiq belgilansin.
7. O‘zbekiston Respublikasining mazkur qonuni bilan 2023 yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy byudjetlarni boshqarishda, xususan, mahalliy byudjet xarajatlarini hududiy byudjet mablag‘lari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash bo‘yicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin.
8. Qonunga muvofiq, 2023 yilda quyidagi soliq turlari:
a) shahar va tumanlar byudjetiga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan to‘laydigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
aylanmadan olinadigan soliq;
davlat ob’yektlarini ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;
mobil aloqa xizmatlari, tamaki va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar tegishli moliya yilidan oldingi yilning 1 iyul holatiga ko‘ra Davlat statistika qo‘mitasi Samarqand viloyati statistika boshqarmasidan olingan tuman va shahar aholisining viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq.
b) viloyatning viloyat mahalliy byudjetiga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:
elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
qonunchilikda belgilangan miqdorlardagi davlat bojlari (patent bojlaridan va litsenziyalar berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladigan jarimalar;
qonunchilikda davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga o‘tkazilishi belgilangan tushumlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo‘yicha dividendlar (daromadlar) va ajratmalar;
davlat aktivlarini sotishdan qonunchilikda belgilangan normativlar bo‘yicha olingan daromadlar.
v) viloyat byudjeti hamda shahar va tumanlar byudjetlari o‘rtasida taqsimlanadi:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
benzinni, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i;
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga undiriladigan boshqa yig‘imlar (bojxona organlari tomonidan undiriladigan yig‘imlardan, g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun undiriladigan utilizatsiya yig‘imidan, shuningdek avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to‘lovdan tashqari);
ayrim turdagi tovarlarning chakana savdosiga doir huquq uchun yig‘imlar;
Shu bilan birga, qonunga muvofiq viloyat mahalliy byudjetiga ajratma qilingan 100 foiz miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushumlarning (jismoniy shaxslar mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan to‘laydigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari) hamda foyda solig‘idan tushumlarning (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) shahar va tumanlar o‘rtasida taqsimlansin.
9. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati (K.Xushboqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat davlat soliq boshqarmasi (A.Inog‘omov) shahar va tuman hokimliklari, mas’ul boshqarma va tashkilotlar bilan birgalikda:
tegishli byudjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;
mahalliy byudjeti prognoz ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida va samarali bajarish;
byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish;
byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va mas’uliyatni yanada kuchaytirish;
tegishli mahalliy byudjetlarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq tushumini ta’minlash;
byudjet daromadlar bazasini oshirish va qo‘shimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida e’tibor qaratsin.
10. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati (K.Xushboqov), shahar va tumanlar hokimliklari:
byudjet daromadlari va xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash;
soliq bazasini kengaytirish, iqtisodiy salohiyatni oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilash, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan qat’iy nazoratni o‘rnatish;
tegishli ravishda hududiy byudjet mablag‘lari taqsimlovchilarning byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlarini xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlariga kiritib borilishini ta’minlasin.
11. Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (F.Nasrullayev), viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati (K.Xushboqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat davlat soliq boshqarmasi (A.Inog‘omov), shahar va tuman hokimliklari:
2023 yilning mart (I chorak uchun), iyun (II chorak uchun), sentyabr (III chorak uchun), dekabr (yillik) oylarining dastlabki o‘n kunligida viloyat, shahar va tumanlarida dastlabki ikki oylikda davlat byudjeti va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari, mahalliy byudjet daromadlari bajarilishi holati, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanishini choraklik ijrosini ta’minlash yuzasidan shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, davlat soliq inspeksiyasi va moliya bo‘limi boshliqlari ishtirokida muhokamalar o‘tkazilishini ta’minlasin;
Har chorak yakunida viloyatning hamda shahar va tumanlarda davlat byudjeti va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari, mahalliy byudjet daromadlari bajarilishi holati, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanishini ta’minlash yuzasidan sustkashlikka yo‘l qo‘ygan shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, davlat soliq inspeksiyasi va moliya bo‘limi boshliqlarining hisobotini eshitilishi yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashiga takliflar kiritib borsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (F.Nasrullayev) va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati (K.Xushboqov) zimmasiga yuklatilsin.
13. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Kengash raisi E.Turdimov
2022 yil, 29 dekabr