Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasini qayta qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilash, tonnel va yo‘l o‘tkazgichlar qurish uchun 88 ta uy-joy "snos" qilinadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining QARORI
Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va yer uchastkasining olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatiga tashriflari davomida o‘tkazilgan majlis bayonlari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi 415-sonli qarori, Samarqand shahar hokimligining 2023 yil 9 fevraldagi 03-01/16, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligining 2023 yil 31 yanvardagi 01-01/27-sonli xatlariga asosan turar joy mulkdorlaridan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan tayyorlangan taqdimot materiallarini ko‘rib chiqib, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq sakson birinchi sessiyasi QAROR QILADI:
- Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasini qayta qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilash, tonnel va yo‘l o‘tkazgichlar qurish ishlarini amalga oshirish munosabati bilan hududdagi 88 ta (34 779,59 kv.metr) hamda Kattaqo‘rg‘on shahar «Ziyolilar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Sarmozor» masjidi binosini qayta qurish munosabati bilan hududda joylashgan 3 ta (106,65 kv.metr) ob’yektlar mulkdorlaridan yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan tayyorlangan taqdimot materiallari ma’qullansin.
- Viloyat hokimi o‘rinbosarlari (F.Abilov, A.Shukurov), Samarqand shahar hokimligi (F.Umarov) va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi (G.Alimova) Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasini qayta qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilash, tonnel va yo‘l o‘tkazgichlar qurish ishlarini amalga oshirish hamda Kattaqo‘rg‘on shahar «Ziyolilar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Sarmozor» masjidi binosini qayta qurish munosabati bilan ilovaga muvofiq mazkur hududlarda joylashgan mulk egalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari asosida olib qo‘yishga rozilik berilsin.
- Viloyat hokimi o‘rinbosarlari (F.Abilov, A.Shukurov), viloyat hokimligi Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shu’basi (N.Qudratov), Samarqand (F.Umarov) va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimliklari (G.Alimova)ga:
O‘zbekiston Respublikasining «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga qat’iy rioya etish;
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi rejalashtirilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdori bilan notarial tartibda Kelishuv bitimi imzolanishi hamda o‘rnatilgan tartibda kelishilgan holda kompensatsiya berilishi va yer maydonlaridan belgilangan maqsadda foydalanishini ta’minlash vazifalari yuklatilsin.
- Viloyat hokimligi Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shu’basi (N.Qudratov) ushbu qarorni hokimlikning rasmiy saytida, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlasin.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O‘.Saidmurodov) va viloyat hokimining o‘rinbosari (A.Shukurov) zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi E.Turdimov
2023 yil 17 fevral