Samarqand yarim marafoni bu yil “Samarkand Marathon”ga aylandi

Samarqand shahrida keyingi yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Samarkand Half Marathon” (Samarqand yarim marafoni) xalqaro xayriya marafoni bu yil chinakam marafon tarzida o‘tdi.

Marafonda 40 ga yaqin davlatdan  3300 dan ziyod  ishtirokchi qatnashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand shahar hokimi F.Umarov so‘zga chiqib, ushbu  xalqaro xayriya marafoni yil sayin ommalashib borayotganini ta’kidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Marafon qatnashchilari 2, 10, 21,1 va 42,2 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Dastlab Registon maydonida musobaqaning 2 kilometrga yugurish bahslari start oldi.

Marafonda erkaklar bahsida Toshkent viloyati vakili Hasan Mirsoatov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U 2021 yilda ham finishga birinchi bo‘lib yetib kelgandi.

Xotin-qizlar orasida ushbu masofani rossiyalik  Kamola Ablayeva birinchi bo‘lib zabt etdi.

Musobaqaning 10 kilometr masofaga o‘tkazilgan bahslarida erkaklar o‘rtasida g‘oliblik yana bir rossiyalik sportchi Aleksandr Antonovga nasib etdi. Ayollar o‘rtasidagi bahsda esa O‘zbekiston vakilasi  Mohinabonu Komilovaga teng keladigani topilmadi.

Marafonning 21,1 kilometrga o‘tkazilgan bahslarida erkaklar o‘rtasida Yevgeniy Fadeyev marra chizig‘ini birinchi bosib o‘tgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida qirg‘izistonlik sportchi Gulshanoy Sattorova birinchi bo‘ldi.

42,2 kilometr masofaga o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Qozog‘iston vakili  Islom Amonqosh, ayollar o‘rtasida farg‘onalik Yekaterina Tunguskova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Marafon g‘oliblari pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.