Samarqandda 17 millionta daraxt ekiladi

Joriy yilning 10 mart kuni “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan “Bir million daraxt” aksiyasi Samarqand viloyatida ko‘tarinki kayfiyat va shijoat bilan davom ettirildi.

Harakat hududiy bo‘linmasining tashabbusi bilan tabiat va atrof-muhit muhofazasiga, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan keng jamoatchilik vakillari, jumladan, Harakatning faol a’zolari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi qoshidagi “Samarqand volontyorlik maktabi” volontyorlari, viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat tashkiloti, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Jomboy tumani hokimligi hamda tuman aholisi vakillaridan iborat katta guruh ko‘chat ekish ishlariga jalb qilindi.

Dastlabki sa’y-harakatlar natijasida Jomboy tumani Galakapa qishlog‘idagi tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli 1,5 gektarli maydonda 2 500 dan ziyod terak ko‘chatlari ekildi.

“Bir million daraxt” aksiyasi 2019 yil kuzida start olgan bo‘lib, o‘tgan yilda respublikamizning 8 ta viloyatida o‘tkazilgan aksiya doirasida 1 500 000 dan ziyod daraxt ko‘chatlari ekilgan.

Samarqand viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi vakillarining xabar berishicha, 2020 yilning o‘zida Samarqand viloyatida hududning holatidan kelib chiqib, 17 000 000 tupdan ziyod kashtan, qrim qarag‘ayi, lola daraxti, eman, virgin archasi, sharq tuyasi, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrog‘och, tut, zarang, akatsiya, terak, boshqa turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, mevali va yong‘oq mevali daraxt ko‘chatlari, qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan.

Mazkur aksiya doirasida daraxt ko‘chatlari faqat ekib qolinmay, har bir hududda ko‘chatlarga mas’ullar ham biriktirilmoqda. Chunki faqat daraxt ekish bilan ish bitmaydi, uni parvarishlash uchun alohida e’tibor qaratilmasa, samarali natijaga erishilmaydi.

“Bir million daraxt” aksiyasi boshqa hududlarda ham davom etadi.

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi.