Samarqandda 1787 nafar shaxs transport vositasini mast holda boshqargani uchun javobgarlikka tortildi

Bu haqda Samarqand viloyati sudlari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Samarqand viloyati ma’muriy sudining raisi B.Diyorovning ma’lum qilishicha, o‘tgan olti oy davomida 575 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan.

Shu davrda 19 372 nafar shaxsga nisbatan 15 698 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilib, 11 346 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarilgan. Xususan, transport vositasini mast holda boshqargani uchun 1787, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazishiga olib kelgani uchun 647 shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangani uchun 1721 shaxsga ma’muriy jazo choralari belgilangan.

E’tiborlisi, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va qo‘llanilgan choralarning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ko‘rib tamomlangan ishlarning qariyb 50 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.

Ushbu ma’muriy ishlar bo‘yicha 12 436 784 858 so‘m jarima jazosi tayinlangan, shundan 8 837 027 827 so‘m ixtiyoriy ravishda to‘langan.