Samarqandda 19 yoshli qizning ish joyida zo‘rlangani muhokama qilindi. Jinoyat ishi yuzasidan tergov o‘tkazish prokuratura organlari tergovchilariga topshirildi
Fuqaro F.A. o‘zining “Spark” avtomashinasida M.B.ning qo‘llarini bog‘lab, majburlab nomusiga tekkan. Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra 12 iyunda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kecha, 23 iyun kuni ushbu jinoyat ishi viloyat prokurori Ravshan Masharipov boshchiligida viloyat prokuraturasi va IIB rahbarlarining sohaviy o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari, IIB tergovchilari, jabrlanuvchi, ayblanuvchi, ularning vakillari va himoyachilari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida viloyat prokurori jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari malakali o‘tkazilmaganini, muqaddam shunga o‘xshash holatlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hali ham takrorlanib kelayotganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, yuqoridagi holat bo‘yicha aybdor aniq bo‘lsa-da, voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng ayblanuvchiga nisbatan 21 iyun kuni ehtiyot chorasi tanlangan.
Ma’lum qilinishicha, viloyat prokurori tomonidan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini davom ettirish prokuratura organlari tergovchilariga topshirilgan. Shuningdek, shahar IIB xodimlarining harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanib, ish viloyat prokurorining shaxsiy nazoratiga olingan.