Samarqandda 4 nafar bemor tojdor virusdan xalos bo‘ldi

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun yana 20 nafar bemor shifo topib, bugunning o‘zida 160 nafar bemor sog‘aydi hamda kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichlari bo‘yicha rekord natija qayd etildi. Bu, shubhasiz, dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olib turgan bir paytda, yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni muvaffaqiyatli davolash borasida olib borilgan izchil chora-tadbirlarning ulkan samarasidir.

Eng muhimi, tajribali va fidoyi shifokorlarimiz matonat bilan koronavirusga qarshi kurashmoqdalar va buning natijasi – shifo topayotgan fuqarolarimizning ko‘lami, o‘lim ko‘rsatkichning esa o‘ta pastligida namoyon bo‘lmoqda.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ayni soatlarda Navoiy viloyatida 14 nafar, Samarqand viloyatida 4 nafar hamda Andijon viloyatida 2 nafar, jami 20 nafar bemor sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Navoiyda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (12 nafari Zarafshon shahridan, Xatirchi va Nurota tumanlaridan 1 nafardan). Ulardan 10 nafari erkak, 4 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 52 yoshda, yoshi kichigi 2 yoshda. Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar soni 110 nafarga yetdi.

Samarqandda tuzalganlarning ham barchasi ushbu viloyatdan (Jomboy, Urgut, Narpay va Pastdarg‘om tumanlaridan 1 nafardan). Ularning 3 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 40 yoshda, yoshi kichigi 24 yoshda. Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar 318 nafarga yetdi.

Andijon viloyatida tuzalganlarning 2 nafari ham erkak bo‘lib (50 yoshli va 32 yoshli) ushbu viloyatdan (Izboskan va Baliqchi tumanlaridan 1 nafardan). Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar soni 177 nafarga yetib, 1 nafar bemor davolanmoqda va koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga juda yaqin turibdi.

Shunday qilib, bugun kun davomida 160 nafar bemor tuzalib, avvalgi kunlarga nisbatan rekord marra zabt etildi. Endilikda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami sog‘ayganlar 3247 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.