Samarqandda 483 nafar shaxs muddatidan avval ozod qilingan

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida shahar probatsiya hisobida turgan nazoratdagi shaxslar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirni Samarqand shahar prokurori D.Saidqulov ochib berib, bugungi kunda Samarqand shahrida ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni o‘tayotgan shaxslar bilan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha axborot berdi.

Bugun Samarqand shahri bo‘yicha jami 825 nafar shaxslar ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo muddatini o‘tamoqda. O‘tgan vaqt mobaynida nazoratdagi shaxslar bilan 7 marta mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 85 nafar nazoratdagi shaxslar ishga joylashtirildi va 47 nafar shaxslar qayta kasbga o‘rgatildi. Bundan tashqari, nazoratdagi shaxslar ishtirokida 16 marta sport va turli madaniy tadbirlar o‘tkazildi,

Aytish mumkinki, olib borilgan ishlar natijasida 483 nafar shaxslar jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.

Biroq qayd etish lozimki, shuncha imkoniyat berilishiga qaramasdan, jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab kelgan 108 nafar nazoratdagi shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatlari jazoning og‘irroq turlariga almashtirildi. Ularning 65 nafariga ozodlikdan mahrum etish jazosi, 43 nafariga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Tadbirda tijorat banklari tomonidan bugungi kunda imtiyozli kredit olish tartibi to‘g‘risida tushuntirish berildi. Savol-javoblardan so‘ng kredit olish istagini bildirgan 7 nafar shaxslarga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, kredit mablag‘ini ajratish choralarini ko‘rish bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.

Tadbir davomida sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari tomonidan alohida xonalarda mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 15 nafar nazoratdagi shaxslarga tibbiy yordamlar ko‘rsatilib, ularga kerakli dori-darmonlar berildi.

Shuningdek, nazoratdagi shaxslarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 25 nafar mahkumlarni ishga joylashtirish choralari ko‘rildi.

Jazo o‘tayotgan shaxslarni, o‘talmay qolgan jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etish bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 34 nafar nazoratdagi shaxslarning ishi ko‘rib chiqildi.

Mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tomonidan nazoratdagi shaxslarning muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabullar tashkil etildi.

Z.ABDURAHMONOV,

Samarqand viloyati IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i.